Qirg'iziston qonunchilari AQSh aviabazasini yopishni talab qilmoqda

AQSh Eronga qarshi urush ochgan taqdirda Bishkek yaqinidagi “Gansi” aviabazasidan birinchi zarbalar berilishi to’g’risida Internetda chiqqan ma’lumotlar jamoatchilik orasida vahima uyg'otgan.

Eron hukumati unga qarshi hujum qilinsa, kerakli javob beriladi deya so'z bermoqda.

Deputat Almanbet Matubraimov amerikaliklar Eronga qarshi Qirg’iziston hududidagi “Gansi” aviabazasidan foydalanishi mumkinligiga ishonadi. U bu haqda Internetda o’zi o’qiganini aytdi.

“Biz deputatlar “Gansi” masalasini hal qilaylik. Sirtida [harbiy] chodirlar turgani bilan, yer ostiga ikki qavatli bino qurib olishgan emish”, – deydi deputat Almanbet Matubraimov.

Deputatlar muhokamasidan keyin prezident Qurmanbek Bakiyevning topshirig’i asosida AQSh hukumati bilan tuzilgan bitimlarni qayta ko’rib chiqish uchun maxsus komissiya tuzilgan.

Internetdagi xabarlar asosida tashkil qilingani aytilayotgan “AQSh bazasini Qirg’iziston hududidan chiqarish” bo’yicha harakat esa, amerikaliklarga keskin talablar qo’yishini e’lon qilgan. Mazkur harakat yetakchilaridan Aleksandr Tiperovga ko’ra, Bishkek yaqinidagi “Manas” aeroportida joylashgan “Gansi” aviabazasi Qirg’iziston fuqarolarining noroziligiga sabab bo’lmoqda.

“Bu Qirg’iziston va AQSh hukumatlari o’rtasida tuzilgan noqonuniy va jahon qonunlari me’yorlariga javob bermaydigan bitim”, – deydi Aleksandr Tiperov.

Aleksandr Tiperovga ko’ra, u bosh bo’lgan harakat aholini AQSh bazasi Qirg’izistonda joylashtirilishidan keladigan salbiy oqibatlardan ogohlantirmoqchi.

Shuningdek, harakat bazada yuz bergan voqealarni Qirg’iziston va AQSh hukumatlari tomonidan to’la o’rganilishi, o’tgan yilning dekabr’ oyida AQSh askari Zakari Hetfild otib qo’ygan mahalliy haydovchi Aleksandr Ivanovning oilasiga ma’naviy va moddiy badal to’la to’lanishiga erishish, hamda AQSh bazasi Qirg’izistondan chiqarilishi uchun turli tadbirlar uyushtirishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan.

2006 yilning dekabr’ oyida bazada amerikalik harbiy xizmatchi Zakari Hetfild o’qidan o’lgan Aleksanr Ivanovning bevasi Marina Ivanovaga ko’ra, unga AQSh hukumati erining o’limi uchun ta’ziya bildirgan. AQSh Mudofaa vazirligi moddiy hamda ma’naviy badal sifatida 50 ming dollar pul ajratilishini ma’lum qilgan. Ammo, bevani pulning miqdori qoniqtirmagan, u 50 ming dollar juda ozligini aytgan.

“Amerikaliklar qayerda bo’lsa, o’sha joyda faqat yovuzlik bor. Shuning uchun men hech kim erimning o’rnida, mening o’rnimda bo’lib qolishini xohlamagan bo’lardim. Ertaga boshqa bir Qirg’iziston fuqarosi shunday vaziyatga tushmasligiga va amerikalik askar jazosiz qolmasligiga kim kafolat bera oladi?”, – deydi Marina Ivanova.

AQShning Qirg'izistondagi elchisi Mari Yovanovich esa deputatlar va mahalliy aksilamerikachilarning Eronga “Gansi” harbiy-havo bazasidan hujum uyushtirilishi borasidagi gumonlarini inkor qilgan. Mari Yovanovichga ko’ra, “Gansi” aviabazasi faqat Afg’onistonda xalqaro terrorizmga qarshi kurash doirasida Qirg’izistonga joylashtirilgan.

AQSh elchisi prezident Qurmanbek Bakiyev hokimiyatga kelgan paytda, baza bo’yicha boshlangan muzokaralar davomida erishilgan kelishuvga asosan, Qirg’izistonga 150 million dollar to’la miqdorda to’langanini aytgan. Ma’lumotlarga ko’ra, 2002-2004 yillarda amerikaliklar qirg’izlarga harbiy yordam sifatida 24 million dollar ajratganlar.