O'zbekiston inson savdosiga qarshi yetarlicha kurashmayapti

AQSh Davlat departamenti Baxrayn, Quvayt, Oman va Qatarni inson savdosiga ko’z yumayotganlikda ayblamoqda.

Bu davlatlar qatorida Eron, Birma, Kuba, Shimoliy Koreya va O’zbekiston ham bor.

AQSh hukumati hisobicha, dunyo bo’ylab taxminan 800 ming kishi har yili inson savdosi qurboniga aylanadi.

"Inson savdosi bugungi kunda qullikning bir ko’rinishi va unda asosan ayollar va bolalar nishonga olinadi," - deydi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays.

AQSh dunyoda inson savdosiga doir tahlilnomasini har yili chop etib, 164 davlatdagi vaziyatni ko’zdan kechiradi. Natijaga qarab, davlatlar 3 kategoriyaga bo’linadi. O’zbekiston muammoga ko’z yumayotgan 3-chi kategoriyadagi davlatlar qatoriga o’tgan yili qo’shilgan edi, ya’ni muammoga eng kam e’tibor qaratayotgan hukumatlardan biri.

AQSh hukumati tahlilnomasida ko’rsatilishicha, O’zbekistondan turli davlatlarga, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari, Isroil, Hindiston, Janubiy Koreya va Qirg’izistonga jinsiy ekspluatatsiya uchun insonlar olib kelinadi.

Xalqaro Migratsiya Tashkiloti hisobicha, O’zbekistondan yiliga 500 ming kishi chetga noqonuniy olib chiqiladi. AQSh hukumati nazarida, rasmiy Toshkent masalani muhokama qilish bilan cheklanib qolmoqda, amalda esa aniq ishlar qilinmayapti.

Janubiy Osiyo davlatlaridan Bangladesh, Nepal, Pokiston va Afg’oniston, Markaziy Osiyo davlatlaridan esa Qirg’iziston va Tojikiston – inson savdosiga qarshi kurashda 2-chi kategoriyali mamlakatlar ro’yxatida, ya’ni O’zbekistondan bir pog’ona yuqorida ketayotgani aytiladi.