AQSh-O'zbekiston aloqalari: bir qadam oldinga, ikki qadam orqaga

AQSh kelasi yilgi prezident saylovlariga taraddud ko’rmoqda. O’zbekistonlik siyosatshunoslar fikricha esa saylovda kim g’olib bo’lishidan qat’iy nazar, O’zbekiston va AQSh aloqalari murakkabligicha qoladi.

Siyosatshunos Tursunboy Qoratoyev muammo AQSh ma`muriyatining demokratiyani kuch bilan singdirish usulidan voz kechishiga bog`liq deydi.

“Agar bu masalada demokratlar yoki respublikachilar yutib chiqib, dunyodagi mamlakatlarga o`zining demokratiya haqidagi tushunchlarini kuch bilan tiqishtirish, ichki ishlarga aralashish siyosatidan qaytsa, ishonchim komilki, O`zbekiston va AQSh aloqalari yana qayta rivojlanib ketadi”, - deydi Qoratoyev.

Siyosatshunos Farhod Tolipov fikricha O`zbekiston va AQSh aloqalari sovuqlashgandan keyin AQSh tomonidan munosabatlarni tiklash uchun harakatlar qilingan. Lekin aloqalarning tiklanishi uchun O`zbekistonda ham o`zgarishlar kuzatilishi kerak.

“AQShda prezidentlikka demokratlar yoki respublikachilar keladimi – demokratiyani qo`llab-quvvatlash prinsipi AQSh siyosatining bosh g`oyasi bo`lib qolaveradi. AQShning boshqa davlatlarga yordami ham u davlatda demokratik o`zgarishlar qanchalik amalga oshayotganiga qarab belgilanadi”, - deydi Tolipov.

Tursunboy Qoratoyevning so’zlariga qaraganda, AQSh mintaqada Rossiya, Xitoy va Hindiston kabi mamlakatlarning mavqei oshayotgani bilan hisoblashishi, o`z tashqi siyosatini qayta ko`rib chiqishi shart.

Farhod Tolipov AQSh siyosatida neft-gaz, terrorizmga qarshi kurash kabi geosiyosiy maqsadlar yo`lida demokratiyani qo`llab-quvvatlshdan chekinish qisman kuzatilgan bo`lishi mumkin deydi.

Lekin 2002 yilda AQSh qabul qilgan davlat xavfsizlik strategiyasida ham hamkorlik faqat demokratik o`zgarishlar yo’lidan borayotgan davlatlar bilan o`rnatilishi belgilab qo`yilgan.

Andijon fojealaridan so`ng AQSh O`zbekiston hukumatini namoyishlarni kuch bilan bostirganlikda ayblagan. AQSh Davlat Departamenti ma’lumotiga ko’ra, O`zbekiston dunyoda inson huquqlari va e’tiqod erkinligi qo`pol buzilayotgan davlatlardan biri.

Yaqinda AQSh prezidenti Jorj Bush O`zbekiston demokratik tamoyillardan chekinayotganligini yana bir bor ta’kidlab o`tdi.

Rasmiy Toshkent AQShni mamlakatning ichki ishlariga aralashayotganlikda va O`zbekistonda rangli inqiloblarni rag’batlantirishga urinayotganlikda ayblab keladi.

O'zbekiston rahbariyati bilan muloqot qilgan AQSh diplomatlari aloqalar turli yo'nalishlarda ekani, iqtisodiy islohotlarni quvvatlash, yonilg'i manbalarini rivojlantirishda ko'mak berish, madaniyat va ilm-fan sohasida hamkorlik qilish ham munosabatlarning bir qismi ekanini ta'kidlaydi.

Biroq mutaxassislar nazarida AQSh rasmiylarining Toshkentda onda-sonda qilayotgan tashriflari bilan ish bitmaydi. Tashrif umid uyg'otadi, biroq samara bermayapti, deyishadi ular.

Siyosatshunoslar fikricha har ikki tomon aloqaning mustahkam bo'lishi qanday manfaat keltirishini o'ylashi lozim.