Richard Norland - AQShning O'zbekistondagi yangi elchisi

AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasida prezident Bush tomonidan elchilikka ko'rsatilgan bir necha diplomat tinglovda ishtirok etdi.

Ular orasida AQShning O’zbekistonga tayinlangan yangi elchisi Richard Norland ham bo’ldi.

Richard Norland 27 yillik diplomatik tajribaga ega. Sovet Ittifoqi qulamasidan oldin AQShning Moskvadagi elchixonasida ishlagan.

So’nggi to’rt yil davomida mamlakatining Afg’onistondagi elchisi o’rinbosari bo’lgan. Ikki oy burun prezident Bush uni AQShning O’zbekistondagi elchisi etib tayinladi. Senat nomzodini tasdiqlagan taqdirda bu Richard Norland uchun ilk elchilik lavozimi bo’ladi. AQSh Senatidagi tinglovga 2004 yilda prezidentlikka da’vogar bo’lgan senator Jon Kerri raislik qildi.

"2001 yil 11 sentyabridagi voqealardan so’ng AQSh-O’zbekiston qisqa bir vaqt davomida yaxshi hamkorlikka ega bo’ldi," dedi senator Kerri Richard Norlandga so’z berishdan oldin.

"Biroq inson huquqlarining O’zbekistonda poy-mol etilishi harbiy aloqalarimizni cheklashga majbur qildi. Ikkitomonlama aloqalarda O’zbekistonda e’tiqod, so’z va matbuot erkinligi, inson huquqlarini yaxshilashga ehtiyoj borligiga urg’u berib borish kerak."

Richard Norland ham ayni damda ikkitomonlama munosabatlarning qiyin ahvolda ekanini ta’kidladi.

"O’zbekistonda matbuot, nodavlat tashkilotlar va inson huquqlari faollariga nisbatan qo’llanilayotgan tazyiqlar bizni xavotirga solmoqda," dedi Norland.

"So’nggi yillarda munosabatlarimizda kuzatilgan muammolarga qaramay, Qo’shma Shtatlar o’z xavfsizlik manfaatlari yo’lida, xususan ommaviy qirg’in qurollari tarqalishining oldini olish, terrorizm va narkotiklar savdosiga qarshi kurash yo’lida O’zbekiston bilan hamkorlik qilishi kerak."

Elchilikka tasdiqlansa, Richard Norland o’z diplomatik tajribasini 2002 yili AQSh va O’zbekiston o’rtasida imzolangan Strategik sheriklik va hamkorlik deklaratsiyasida aks ettirilgan aloqalarni qayta jonlantirishga, O’zbekiston hukumatini inson huquqlari ahvolini yaxshilashga undashga yo’naltirishini bildirdi.

"O’zbekiston tomonidan tan olingan qiynoqlarga solish amaliyoti hukumat va mamlakat xavfsizligiga darz soladi. O’zbekiston hukumati bilan hamkorlikda bu amaliyotga chek qo’yishga harakat qilishimiz kerak."

"Rasman e’lon qilinmagan bo’lsada, O’zbekistonda yil oxirigacha mamlakat tarixining keyingi bosqichini belgilab beradigan prezident saylovlarining bo’lishi kutilmoqda. Elchilik vazifamda O’zbekiston hukumati va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kabi xalqaro idoralar bilan hamkorlikda saylovlarning adolatli o’tishini ta’minlashga astoydil bel bog’layman," dedi Richard Norland.

Tinglovda raislik qilgan senator Jon Kerri AQSh Senati elchilikka nomzodlar bo’yicha 4 iyul – Mustaqillik kuni bayramigacha ovoz berishini ma’lum qildi.

Tasdiqdan o'tgan taqdirda Richard Norland AQShning O'zbekistondagi oltinchi elchisi bo'ladi. Undan oldin bu lavozimda Jon Purnel (2004-2007), Jon Xyorbst (2000-2003), Jozef Presel (1997-2000), Stenli Eskudero (1995-1997) va Xenri Li Klark (1992-1995) ishlagan.