Chet elliklar uchun AQShga kelish qiyinlashgan

AQSh turizmi mamlakatga sayyohlar oqimi torayganidan katta zarar ko’rmoqda. Amerikaga oddiy turist sifatida kelish juda qiyin bo’lib qolgan, deydi sayyohlik kompaniyalari.

Ular Kongressga bu borada shikoyat qilib, turist vizalari berish jarayoni osonlashtirilsin deya talab qilmoqda.

AQSh Tijorat vazirligining bildirishicha, bugungi kunda mamlakatga avvalgiga qaraganda bir necha million kamroq sayyoh tashrif buyurmoqda.

Britaniya, Yaponiya, Germaniya, Fransiya va Braziliya kabi AQSh turizmi uchun muhim davlatlar qatorida boshqa mamlakatlar fuqarolarining qadami ham qirqilmoqda.

Turizm sanoati uyushmasiga ko’ra, 2005 yilning o’zida AQSh sayyohlar kamaygani sabab 43 milliard dollar zarar ko’rgan. Turizm firmalari darvoza kengroq ochilsin, degan talab qo’ymoqda.

Sayyohlik kompaniyalari ittifoqi Kongressga bir necha takliflar bilan chiqqan. Maqsad - viza olish yengillashsin.

Takliflardan birida, viza talab qilinmaydigan davlat fuqarosi AQShga kirayotganida 10 dollar to’lasin, deyiladi. Bu yiliga 200 million dollar olib kelishi mumkin.

27 mamlakat fuqarolaridan, Amerikaga uch oydan kam vaqtga kelsa, viza so’ralmaydi. Sobiq Sovet ittifoqi davlatlaridan hech biri bu mamlakatlar qatorida emas.

AQShning Ichki xavfsizlik bo’yicha sobiq vaziri Tom Rij Kongressga yangi takliflarni tushuntirmoqda.

"AQSh tashqi dunyo uchun ochiq mamlakat bo’lib qolishi zarur. Odamlarning kelib ketishi, sayohat qilishi osonlashsin. Buni xavfsizligimizga rahna solmagan holda amalga oshirish mumkin",- deydi Rij.

Yaqinda mustaqil tashkilot ommaviy so’rov o’tkazib, ikki ming sayyohdan ularning AQShga viza olishi va kirishi qanday kechgani so’ralganida, salbiy javoblar olindi.

Sayyohlarning aksariyati Qo’shma Shtatlar “kelish uchun eng qiyin mamlakat” degan. So’ralganlarning 66 foizi oddiy xatolar uchun ham aeroportda soatlab ushlab turishadi, deya shikoyat qilgan.

Ichki xavfsizlik bo’yicha sobiq vazir fikricha, avvalo chet elliklarga viza berish jarayonini tezlashtirish lozim.

"Odamlarga vizani 30 kun ichida olasiz: hujjatlarni ko’rib chiqamiz, suhbatlashamiz va bir oy ichida javob beramiz deyish mumkin. Jarayonni oydinlashtirish kerak. Bu o’z navbatida viza berish va olishni ham jadallashtiradi",- deydi Rij.

AQShga sayyoh yoki mustaqil mehmon sifatida viza uchun hujjat topshirganda 100 dollar to’laysiz. Viza berilishi yoki berilmasligidan qat’iy nazar.