O`zbekistonda g`alla o`rimi nihoyasiga yetmoqda. Fermerlarning aytishicha, davlat bug`doyni 118 so'mdan sotib olayotgan bir paytda bozorda bir kilo bug`doy narxi 300 so`m. Lekin mol-mulki musodara qilinishidan qo’rqqan fermer uydagi mol-holini sotib bo`lsa ham bozordan bug`doy sotib olishga majbur.
Viloyatlardan olingan ma`lumotga ko`ra, g`alla hosilini yig’ishtirish O`zbekiston huquq-tartibot organlarining faol ishtirokida o`tmoqda.
“G`alla o`rimi ketayotgan joylarda hukumat idorasining kamida beshta vakili nazorat uchun turadi”, - deydi fermerlardan biri.
Ayrim manbalarga ko`ra, g`alla hosilini yig`ishtirishga maktab oqituvchilari ham jalb qilingan.
“O'qituvchilar navbatma-navbat g`alla o`rimiga chiqmoqda, mashinalarda yurib, g`allaning qayerga borishigacha tekshirishayapti”, - deydi fermer.
Mavjud fikrlarga muvofiq, bu yil ham avvalgidek fermerlarga yuklangan don rejasi oshirilib, natijada fermer qarzi oshishi kutilmoqda.
“Yerning hosildorlik quvvati esa allaqachonlar hokimiyat yuklayotgan qo’shimcha majburiyatlarga javob bermaydi”, - deydi sirdaryolik kuzatuvchi.
“Chunki yer banitet (hosildorlik) bali 32 ball. Unga 34 sentner hosil belgilangan. Bu mutlaqo standart ko`rsatkichlarga to`g`ri kelmaydi. Lekin fermer majbur qilinadi. “Bajarasan, bo`lmasa, yeringni olib qo`yamiz” deb. U nima qiladi? Qo’shib yozishga o`tadi. Bozorda hozir bug’doyni 300 so`mdan sotib olishayapti. Davlat esa 118 so`mdan qabul qilayapti”, - deydi bu kuzatuvchi.
Jizzaxlik fermerning so’zlariga ko`ra, bu yil ob-havoning saqlin kelishi oqibatida zang kasali tarqalgan. G`alla boshoqqa kirgan paytda harorat keskin ko’tarilishi oqibatida bug`doy yetilmasdan pishgan. Bular hosildorlikka keskin ta’sir qilgan.
Uning aytishicha, bu qiyinchiliklarga qaramasdan, hozirdanoq fermerlar bilan prokuratura shug`ullana boshlagan.
“Viloyat prokuraturasi adliya boshqarmasiga, soliq inspeksiyasiga topshiriq berayapti. Bajarmagan fermerlarning mol-mulkini musodara qilishgacha. Bu bilan hukumat idoralarining o`zi qonunni buzayapti. Aslida fermer har bir tashkilot bilan shartnoma tuzgan. Agar asossiz ravishda kelishuv shartlari bajarilmay qolsa, topshirmagan g`allasining 25 foiz miqdorida jarima to`laydi degan. Lekin hozir bular shartnomani ham, fermer huquqini ham bir chekkaga surib qo’yishgan. Bozordan sotib olib bo`lsa ham bajarasan deb turishibdi”, - deydi u.
Mavjud qonunlarga ko`ra, fermerlar don hosilining 50 foizini davlatga topshirishi, 25 foizini bozor narxida yana davlatga sotishi, qolgan hosilni esa o`ziga qoldirishi mumkin.
O`zbekiston prezidenti yaqinda Navoiy va Buxoro viloyatiga qilgan safarida fermerlar bilan uchrashar ekan, fermerlar uchun barcha sharoitlar yaratilganini, ular topayotgan daromadlarni ko`rib, ko`ngli to`layotgani haqida gapirdi.
O`zbekiston televideniyesi sharhiga ko`ra, hozirgi siyosat avval dehqon boyishi, shundan so`nggina boshqalar boyishi asosida qurilmoqda.
Fermerlarning aytishicha, boshqa imkoniyat, qiladigan ish yo’qligi uchun odamlarning so`nggi umidi yerdan.
“Agar qonun doirasida muomala qilinganda ham dehqonlar bunchalik xo`rlanmasdi. Oyoq osti bo`lmasdi. Hozir xuddi qulga qilingan munosabatga o`xshaydi. Dehqonlar agar mamlakatda korxona va zavodlar ishlaganda edi, bu tariqa fermerlikka bog'lanib o`tirmasdan, yerni tashlab ketishlari haqida gapirishmoqda”, - deydi fermerlardan biri.
Xalqaro moliyaviy tashkilotlar, shuningdek mahalliy ekspertlar bahosiga ko`ra, o`zbek dehqoniga erkinlik berilsa, istalgan mahsulotni ekish, bozor narxida sotish imkoniyati bo`lsa, daromad ko`payishi mumkin.
Kuzatuvchilar fikricha, O`zbekiston qishloq xo`jaligiga ixtisoslashgan mamlakat. Lekin qishloq xo`jaligi samarali faoliyat ko’rsatishi uchun bu sohaga erkinlik berilishi zarur.