BMT Taraqqiyot dasturi O’zbekistonda fuqaro jamiyati rivojlanishida huquqshunoslar rolini yuqori baholaydi. Tashkilot nazarida inson huquqlarini himoya qilishda advokatlar, shubhasiz, eng muhim vazifani bajaradi. Ular malakasini oshirish haqida Toshkentda munozara bo’lib o’tgan.
Tadbirda germaniyalik ekspertlar ishtirok etgan. BMT Taraqqiyot dasturi advokatlarga inson huquqlarini himoya qilishda ko`maklashmoqchi.
“Seminar ishtirokchilari O`zbekiston qonunchiligini xalqaro me’yorlarga solishtirganda, ayrim tuzatishlar kiritish lozimligi, lekin umuman olganda standardlarga mos degan xulosaga kelishdi”, - deydi ishtirokchi Temur Shokirov.
“Advokat Press” gazetasining sobiq muxbiri, hozirda huquq himoyachisi Dilmurod Sayid nazarida esa fuqarolik ishlarida advokat roli aholining huquqiy me’yorlardan yaxshi xabardor emasligi uchun ham juda katta ahamiyat kasb etadi.
“Lekin ayrim advokatlar, hammasi emas, fuqarolarni bu boradagi qonunchilikdan xabarsizligidan sudya manfaatdor bo’lgan tomon uchun foydalanadi. O`zim guvoh bo`lgan holatlar haqida aytayapman. Himoyachini pul berib yollashadi, lekin u turli qog`ozlarga imzo chektirib, oqibatda sudya manfaatdor bo`lgan tomon uchun qaror chiqaradi”, - deydi Dilmurod Sayid.
Advokat Doniyor To`layev fikricha ko`p hollarda xo`jalik sudlarida ham advokat qancha dalil va isbot ko’rsatmasin, huquq-tartibot organlari, sudlar tomonidan inkor etiladi.
“Xo’jalik sudlarida ham hozir qonunbuzarliklar juda ko`p. Talon-taroj bo`lmagan joyda odamlarni talon-tarojda ayblab qamashayapti. Bundan tergovchi ham, viloyat sudyasi ham yaxshi xabardor bo`ladi. Advokatlar, qonunlarga ko`ra, imtiyoz huquqlarga ega bo`lsa ham, lekin bu huquqlar huquq-tartibot organlari tomonidan inobatga olinmaydi. Ilgari huquq-tartibot organlari xalqni himoya qilardi. Hozir faqat davlat himoyachilariga aylanib qolgan”, - deydi To`layev.
Mutaxassislar nazarida O`zbekistonda jinoiy, xo`jalik va fuqarolik sudlari mustaqil emas. Ularning aytishicha, sudlar hukumat va manfaatdor amaldorlar bosimi ostida hukm chiqaradi.