Mutaxassislar fikricha, Sovet ittifoqining qulagani, Xitoy g’arbiy chegaralarini savdoga ochgani va Afg’onistonning asta-sekin xalqaro hamjamiyatga qo’shilishi bilan, Yevrosiyoda kontinental savdoni yo’lga qo’yish imkoniyati paydo bo’lgan.
Bu imkoniyat azaldan savdo yo’llari bo’lib kelgan Markaziy Osiyo uchun katta ahamiyat kasb etadi. Yaqinda bu borada “Yangi Ipak Yo’llari” deb nomlangan kitob chiqdi. Unda mintaqada savdo va transport yo’llarini takomillashtirish taraqqiyot kaliti deya e’tirof etilgan.
Osiyo Taraqqiyot Banki hisobiga ko’ra, agar Markaziy Osiyo davlatlari Afg’oniston tomon yo’nalgan transport tizimlarini yaxshilasa, mintaqada savdo 80 foizgacha o’sib, 12 milliard dollarni tashkil etishi mumkin.
Xitoy, Hindiston, Yevropa, Rossiya va Yaqin Sharqni bir-biriga bog’lovchi kontinental savdo yo’llari ochilsa, ular kesib o’tuvchi Markaziy Osiyo mamlakatlari bundan katta iqtisodiy foyda ko’radi, deydi "Yangi Ipak Yo’llari" kitobining 16 muallifi.
Ammo kitob muharriri Fred Star fikricha bu yo’llar ochilishi uchun davlatlar tor siyosiy manfaatlarini chetga surishi lozim. "Loyihani amalga oshirish bir davlat yoki xalqaro tashkilot qo’lida emas, balki barcha mamlakatlarning siyosiy irodasiga bog’liq," - deydi u.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Markaziy Osiyo davlatlari hamkorlik qilib, savdoga urg’u bersa, har bir mamlakat yalpi milliy mahsuloti 10 yil ichida 50 foizga o’sadi deb hisoblaydi. Mintaqaviy savdodan foyda ayon ekan, nega hamkorlik sekin rivojlanyapti?
"Asosiy muammo xavfsizlik yoki infratuzilma emas, balki ichki muammo va cheklovla. Eng katta to’siqlar byurokratiya va qog’ozbozlik", - deydi tahlilchi Fred Star.
Masalan, Tojikiston hukumati yuk mashina haydovchilari orasida o’tkazgan so’rov natijalariga ko’ra, O’zbekiston va Tojikiston chegarasidan o’tayotgan haydovchidan 70 ga yaqin hujjat, Qirg’iziston chegarasida esa 31 imzo talab qilinadi. Yuk mashinalaridan Afg’onistonga kirishda 57 imzo, Eronga esa 45 ruxsatnoma so’raladi.
O’zbekiston hukumati qo’shni davlatlardan importni cheklash uchun chegarada joriy etgan qonun-qoidalar, deya bildiradi Osiyo Taraqqiyot Banki, nafaqat aholining erkin harakatini to’siq qo’ygan, balki ularni qimmatroq muqobil yo’llarni tanlashga majbur qilmoqda.
Toshkent-Samarqand yo’lining Qozog’istonga tegishli qismi yopilgani sabab, o’zbekistonlik haydovchilar qo’shimcha 56 kilometr yurishga majbur. Bu - haydovchilar cho’ntagiga yiliga 15 million dollardan ko’pga tushadi.
Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligi vakili Jinbek Kulubayevning aytishicha, mintaqa hukumatlari muammolarni tushunadi. Ammo, deydi Kulubayev, masalan bojxona tekshiruvini tamoman osonlashtirish yoki erkinlashtirish yaramaydi, chunki qoradori savdosi va xavfsizlik omillarini hisobga olish lozim.
O’zbekiston Tashi iqtisodiy aloqalar va sarmoya vaziri Elyor G’aniyev, xalqaro transport yo’llarini rivojlantirish qimmat ekaniga urg’u beradi. Masalan, Yevropa-Kavkaz Osiyo – TRACECA transport tizimidan, deydi G’aniyev, qimmatligi sabab hech kim foydalanmaydi.