Qozog’istonda Nursulton Nazarboyevning prezidentlikka xohlagan marta nomzod bo`la olishi, Qozog`iston konstitusiyasiga o`zgartirish kiritilishi, shuningdek, prezidentning kuyovi Rohat Aliyev bilan bog`liq mojara tufayli so’nggi paytlarda mamlakat nomi jahon matbuotida bot-bot tilga olinadigan bo’lib qoldi.
Qozog’istonda parlament saylovlarida prezident Nursulton Nazarboyevning “Nurotan” partiyasi ko’pchilik o’rinni qo’lga kiritishi taxmin qilinmoqda.
Mazkur saylovlar Qozog’istonda demokratiya va erkinlik ahvoli uchun imtihon sifatida ko’rilmoqda. Ovoz berish jarayoni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari tomonidan nazorat qilingan.
Qozog’iston 2009 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish niyatida. Biroq mamlakatda inson huquqlari bilan bilan bog’liq vaziyat bunga tos’qinlik qilishi mumkin.
Saylov natijalari besh kun ichida ma’lum qilinadi.
Qozog’iston konstitutsiyasiga kiritilgan o`zgartirishlarga muvofiq, prezident vakolatlarining qisqarishi va prezident-parlament boshqaruviga o`tish jarayoni boshlanishi kerak.
Qozog`istonda rasman ro`yxatga olingan muxolif partiyalar mavjud. Ular parlamentdagi o`rinlar uchun kurashmoqda.
Hukumatdagi “Nurotan” partiyasi va muxolifatdagi Birlashgan Sotsial-demokratlar partiyasi o`rtasida saylovoldi targ`ibotining muhim bosqichi – teledebatlar o`tgan.
Muxolifat fikricha, teledemunozarani efirga berishda senzura ishga solingan.
O`zbekistondagi muxolifat vakillari ham Qozog`istonda avtoritar tuzum kuchaymoqda degan fikrda.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov ta’biricha, O`zbekiston va Qozog`istondagi siyosiy tuzumlar o`rtasidagi farq kamayib bormoqda.
“U yerda ham saylovlar demokratik tarzda o`tadi, deb aytolmayman. U yerda ham bizdagi kabi haqiqiy siyosiy muqobillik yo`q, yolg`on ustuvor kelayotgan joylar juda ko`p. O`zbekistondan farqi bor, lekin yo`nalish bir xil. Farqi shundaki, u yerda davlat tan olgan siyosiy tashkilotlar bor. Bizda faqatgina xo`jako`rsinga chiqarilgan, bir-biridan mutlaqo farqsiz beshta siyosiy partiya bor”, - deydi Oripov.
O`zbekiston matbuotida Qozog`iston hayotidagi siyosiy voqealarga doir ma`lumotlar deyarli uchramaydi.
Ekspert Toshpo’lat Yo`ldoshev rasmiy Toshkent Qozog`istondagi saylovlarning sovet mafkurasiga mos ravishda o`tishidan manfaatdor deb hisoblaydi.
“Chunki oldimizda prezident saylovlari turibdi. Qozog’istonda saylovlar nodemokratik o`tadigan bo`lsa, bu O`zbekiston rahbariyatiga ancha qo`l keladi”, - deydi ekspert.
Toshpo`lat Yo`ldoshevning aytishicha, Qozog`istonda ham avtoritar boshqaruvga moyilllik bor, biroq shu bilan birga, muxolifatga imkoniyat berilayotganini inkor etib bo`lmaydi.
“Qozog`iston muxolifati asosan hukumatda ishlagan rahbarlardan iborat. Amaldorlar davlat idoralarida ishlab o`z g`oyalarini amalga oshira olmasa, bemalol muxolifatga o`tib, partiyalar orqali buni targ`ib qilishlari mumkin”.
Ekspert fikriga ko`ra, O`zbekistonda biror amaldor muxolifatga qo`shilish, o`zini ko`rsatishga harakat qilmaydi, chunki ta’qiblar kuchli.
“Agar biror amaldor muxolifatga o`tadigan bo`lsa, uning 10 yillik tarixini o`rganib chiqishadi, qamashadi. Iloji bo`lmasa, taz’yiqlarni oila a`zolariga ko`rsatishadi”, - deydi Yo`ldoshev.
Qozog`iston Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti raisligiga da`vogar bir paytda mamlakatda parlament saylovlarining qanchalik demokratik o`tishi muhim.