Abdulla Gul Turkiyada dunyoviylikni saqlab qolishga so'z bermoqda

  • Amerika Ovozi

Turkiya yangi prezidenti Abdulla Gul vazirlar mahkamasi tarkibini tasdiqlar ekan, dunyoviy tartib-boshqaruv tarafdorlari uning harakatlarini diqqat bilan kuzatmoqda.

Abdulla Gul bugun mamlakat Bosh vaziri Rajab Tayip Erdog’an bilan uchrashgan. Har ikki rasmiy a’zo Adolat va Taraqqiyot partiyasi o’tgan oygi saylovlarda ishonchli g’alabani qo’lga kiritgan edi.

Kecha qasamyod keltirgan Abdulla Gul Turkiyadagi dunyoviy, harbiy va diniy kuchlar o’rtasida hamjihatlikni ta’minlashga so’z bergan. Turkya harbiylari marosimda qatnashmagan.

AQSh prezidenti Jorj Bush va qator boshqa davlat rahbarlari Gulni g’alaba bilan muborakbod etmoqda.

56 yoshli Abdulla Gul dindorligi tufayli Turkiya siyosatida bahsu-munozara uyg’otib keladi, lekin u prezidentlikka loyiq deydiganlar ko’p.

“Adolat va Taraqqiyot” partiyasi a’zosi Nursun Mamajon Abdulla Gulni ochiq va erkin fikrlovchi, murosa izlovchi inson deb ta’riflaydi.

Siyosiy sharhlovchi Oyxon Axtar esa Abdulla Gul o’ziga ishongan, hokimiyatning xalq oldidagi ma’suliyatini ko’tara oladigan rahbar bo’ladi, deydi.

Abdulla Gul Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga kirishi bo’yicha muzokaralarga bosh-qosh bo’lib keladi. Lekin o’tmishda islomiy partiya a’zosi bo’lgani ko’pchilikni tashvishlantiradi.

Aprel oyida millionlab kishi Abdulla Gulning prezidentlikka nomzodini tanqid qilib chiqqan edi. Turkiyada o’zini dunyoviy tuzumning himoyachisi deb biluvchi armiya ham unga qarshi chora ko’rishga ishora qilgan edi. Natijada parlament uchun saylovlar erta o’tdi.

Saylovda yana “Adolat va Taraqqiyot” partiyasi g’alaba qozongach, prezidentlikka yana Abdulla Gul nomzodi qo’yildi.

Ammo ba’zi siyosiy sharhlovchilar Gulni siyosiy va iqtisodiy barqarorlik garovi deb ko’rmaydi.

Yangi prezident dunyoviy boshqaruv tizimini davom ettirishini, konstitutsiyaga qarab ish tutishga so’z bermoqda.

Turkiyada prezident qonunlarga veto qo’yish, konstitutsion sud vakillarini va armiya rahbarini tayinlash vakolatiga ega.

Turkiya generallari mamlakatning dunyoviy tizimi xavf ostida deya xavotir bildirishda davom etmoqda.