Islomiy Jihod Ittifoqi kuzatuvdagi guruh edi

Germaniyada terror xurujlari rejalaganlikda ayblanib ushlangan uch kishi so’roq qilinmoqda. Yana 10 kishi qidiruvda.

Rasmiylarning aytishicha, ular AQShning Germaniyada joylashgan harbiy bazasi va boshqa inshootlarga hujum qilmoqchi bo'lgan.

Ayblanuvchilar Islomiy Jihod Ittifoqiga aloqador kishilar deyilmoqda.

Mutaxassislar guruhni "norasmiy to'da" deb ataydi.

O’zbekiston Islomiy Harakatidan ajralib chiqqan, o’zi alohida harakat qilayotgan guruhdir degan taxminlar bor.

Lekin hatto Germaniya va ular bilan hamkorlik qilayotgan AQSh rasmiylari ham Islomiy Jihod Ittifoqi haqida batafsil ma’lumotga ega emas.

Lekin Global Xavfsizlik Guruhi degan ilmiy-tadqiqot tashkilotiga ko’ra:

  • Islomiy Jihod Ittifoqi 2004 yilning mart oyida O’zbekistonda portlashlar uyushtirganini tan olgan. Portlashlarda 47 kishi o’lgan. O’sha yilning aprel oyidagi hujumlarni ham o’z bo’yniga olgan. Xuddi shu yili iyul oyida Toshkentda AQSh va Isroil elchixonalari yonida ham xurujlar amalga oshirgan. Unda ikki kishi halok bo’lgan - xavfsizlik xizmatchilari. 2005 yilda AQSh va BMT Islomiy Jihod Ittifoqini terror guruhi deb chiqqan. Global xavfsizlikka tahdid solayotgan maxsus e’tibordagi tashkilot deya belgilangan. O’tgan yili Pokistonda prezident saroyi, parlament va razvedka idorasiga hujum rejalaganlikda ayblanib uch kishi so’roq qilinganida, Pokiston maxfiy xizmatiga ko’ra, portlatish haqida buyruq Najmiddin Komilovich Jonov yoki qisqacha Yahyo deb tanilgan shaxsdan kelgani ma’lum bo’lgan.

Germaniya prokurori Monika Xarmsning aytishicha, qo’lga olinganlar AQShning Ramshtayn shahridagi habriy bazasini va Frankfurt xalqaro aeroportini nishonga olishni ko’zlagan.

Germaniya rasmiysi deydiki, hibsdagi uch kishining ikkisi nemis bo’lib, ular islomni qabul qilgan fuqarolar. Pokistonda tayyorgarlikdan o’tgan. Uchinchisi esa turk yoki pokistonlik. Uchala mahbus ham 20-30 yoshlar orasida.

Ulardan 700 kilogram vodorod peroksid moddasi topilgan.

Tergovchilarning so’zlariga qaraganda, buncha hajmdagi xavfli modda yordamida hatto London va Madriddagi portlashlardan ham kattaroq xuruj amalga oshirilishi mumkin edi.

Strasburgda, Yevropa Ittifoqining bosh prokurori, Franko Frattini “Xavfli shaxslar qamoqqa olindi, lekin bu bilan tahdidni yengdik deya olmaymiz”,- deydi.

"Terror rejalari bu jinoiy loyihaning fosh etilishi bilan tugab qolmaydi. Shu paytgacha Yevropa Ittifoqida qancha qancha rejalar oshkor bo’ldi. Bundan juda mamnunmiz, ammo hayotimiz hamisha tahdid ostida. Kattaroq choralar haqida o’ylash kerak",- deydi Frank Frattini.

Germaniya va AQSh rasmiylari terror hujumlari ehtimoli haqida ogohlantirgan edi.