Afg'onistonda ko'knori hosili oshmoqda

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning aytishicha, xalqaro hamjamiyat uning mamlakatida afyunga qarshi kurashda yetarli yordam bermayapti.

Afg’onistonda ko’knor yetishtirish ko’lami keskin oshgan.

BMT hisobicha Afg’onistonda ko’knori yetishtirish sur’ati va hajmi misli ko’rilmagan darajada oshib, jahondagi afyun miqdorining 93 foizi ana shu mamlakat hissasiga to’g’ri kelmoqda.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning aytishicha, afg’on hukumati nazorati ostidagi hududlarda qoradori yetishtirish ancha kamaygan. Biroq xalqaro koalitsiya Tolibonga qarshi kurash olib borayotgan qismlarda bu ko’rsatkich hamon yuqori.

Qo’shma Shtatlar va Britaniya Afg’onistonda afyunga qarshi qaratilgan chora-tadbirlar, jumladan boshqa turdagi ekin ekishni rag’batlantirish uchun 500 million dollar ajratgan.

Afg’onistonda qoradori savdosini avj oldirayotgan asosiy kuch – Tolibon.

Time jurnali sobiq muxbiri Eleyn Shennonning aytishicha, toliblar faoliyatiga chek qo’yilmasa, ular afyun savdosidan kuchayib, butun mintaqa xavfsizligiga rahna solishi muqarrar.

"Afg’onistondagi odamlar bu mamlakat yorug’likka chiqadimi yoki butunlay badnom bo’ladimi, bilmaymiz deyishadi. Balki Kobul va ayrim shaharlarda vaziyat nisbatan yaxshi, biroq qolgan joylarda ahvol og’ir”,- deydi Shennon xonim.

Ko’knori savdosiga aloqasi bor har bir shaxs, xoh jangari qo’mondonlar, xoh dehqon bo’lsin, Tolibonni qo’llab-quvvatlash qimmatga tushishini tushunishi kerak, deydi mutaxassis.

"Jinoyatga asoslangan jamiyatda barqaror kelajakni barpo etib bo’lmaydi. Odamlar farzandi kelajagi haqida o’ylashi lozim. Muntazam daromad manbai, xavfsizlik bo’lmasa ularning holi nima kechadi? Oilaning farovonligi shunga bog’liq",- deydi Shennon xonim.

BMT mutaxassislari afg’on ma’murlarini afyun dalalarini yo’q qilishga, dunyo davlatlarini esa narkosavdoga chek qo’yishga chaqirmoqda.