Amerika olti yil oldingi qora kunni yodga olmoqda

Amerika 2001 yilning 11 sentyabrida qilingan terror xurujlarini xotirlab, uning oqibatlarini tahlil qilmoqda.

Fojeadan olti yil o’tib ham, ko’pchilik amerikaliklar ularning tinch va osuda hayoti doimiy xavf ostida ekanini tan oladi.

Oq Uyda prezident Jorj Bush boshchiligida tong soat 8:46 da sukut saqlandi.

Xuddu shu damda bundan olti yil avval Nyu-Yorkdagi Jahon Savdo Markazining birinchi binosiga samolyot kelib urilgan edi. Sal o’tib yana bir yo’lovchi samolyoti ikkinchi minoraga urilgan.

Vashingtonda esa boshqa bir samolyot Mudofaa vazirligi joylashgan Pentagonni nishonga olgan. Terrorchilar olib qochgan yana bir samolyot Pennsilvaniya shtatida qulagan.

AQSh hukumatiga ko'ra, hujumlarni Al-Qoidaning 19 a'zosi amalga oshirgan. Ular bilan

Jami o’sha kun Amerika uch mingga yaqin insonning o’limiga guvoh bo’lgan.

Al-Qoida yetakchisi Osama bin Laden bir necha kun oldin chiqargan yangi video tasvirida dunyoning eng qudratli davlatini titratgan 19 o’g’lon shahidlardir deya tilga olgan.

11 sentyabrdagi hujumlar nafaqat AQSh siyosati, balki jahon siyosiy maydonida katta o'zgarishlar olib keldi.

Afg'onistonda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya 2001 yil oxirida Tolibonni hokimiyatdan ag'dardi, biroq unga qarshi qonli kurash hali ham davom etmoqda.

AQSh Iroq rahbari Saddam Hussaynni terror homiysi deya ayblab, 2003 yil martida mamlakatga bostirib kirdi. Hussayn keyinroq qo'lga tushdi, biroq uning terroristlar bilan qanday aloqasi bo'lgani, qolaversa uning ommaviy qirg'in qurollariga ega bo'lgan-bo'lmagani aniqlanmadi.

Urush bugun ham davom etmoqda. Hozirgacha yuz minglab iroqliklar, minglab amerikaliklarning yostig'i quridi.

Jahon Savdo Markazi o'rnida yangi minora qad ko'tarmoqda

Nyu-Yorkda 2001 yilning 11 sentyabridagi terror xurujlarida vayron bo’lgan 108 qavatli ikki osmono’par minora o’rni oddiy qilib, “Ground Zero”, ya’ni nolinchi maydon deyiladi.

Bugun bu maydonda yangi imorat qad ko’tarmoqda - Ozodlik Minorasi.

Samolyotlar urilib, minoralar qulaganida halok bo'lgan insonlarning yaqinlari qurilish maydoni oldida to'planib, marhumlarni eslagan va hukumatdan terrorga qarshi kurashni kuchaytirishni, ularning qarindoshlarini hayotdan bevaqt olib ketgan yovuz kuchlarni tormor etishni talab qilgan.

Ozodlik Minorasi oldida 11 sentyabrga ba’gishlangan haykal va muzey bo'ladi.

O’sha kun o’lganlar ruhini aks ettiruvchi ikki favvora ham bunyod etiladi.

Minorani 2010 yilgacha bitkazish rejalangan.