Kelasi hafta Tojikiston poytaxtida Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga a’zo davlatlarning oliy darajali uchrashivi o’tkaziladi.
Joriy oy boshida Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Turkmaniston va Tojikistonga safar qilib, mintaqa iqtisodiy integratsiyasi masalasiga to`xtalib o`tgan.
Turkmanistonga tashrif cho’gida neft-gaz eksporti uchun magistral yollarni ko`paytirishga doir kelishuv imzolangan.
Qozog’iston Tojikiston iqtisodiyotiga 100 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritishga qaror qilgan.
Nazarboyevning tashrifidan so`ng Tojikiston rasmiylari Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqini tuzish g`oyasiga moyillik bildirgan.
Siyosatshunoslar fikriga ko`ra, Qozog`iston va O`zbekiston o’rtasida ham shu xildagi tashriflar kuzatilsa-da, amalda o’zaro aloqalarda jiddiy ijobiy o`zgarish ko`zga tashlanmaydi.
O`zbekiston Strategik Tadqiqotlar Instituti vakili Sayfiddin Jo`rayev mintaqa ittifoqini tashkil etish fikrini populistik g`oya deb hisoblaydi.
Siyosiy tahlilchi Sharofiddin To`laganov ham shu fikrda.
“Bu tashabbus amalga oshmaydi. Mintaqadagi avvalgi iqtisodiy tashkilotlar Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga qo`shilib ketdi. Nazarboyevning Turkmaniston va Tojikistondagi safariga kelsa, undagi chiqishlar qog`ozda qolib ketadi”, - deydi To`laganov.
O`zbekiston televideniyesining siyosiy sharhlovchisi Tursunboy Qoratoyev esa Qozog’iston mintaqada gegemonlikni da’vo qilmoqda deb hisoblaydi.
Rossiyalik ekspertlar Markaziy Osiyo ittifoqini “ehtiyojsiz” va “amalga oshmaydigan” deb baholab, mintaqa davlatlaridagi qarama-qarshiliklarga sha’ma qiladi.
Ular fikricha Nursulton Nazarboyev AQSh tomonidan ilgari surilgan Katta Markaziy Osiyo loyihasini tadbiq etmoqchi.
Siyosatshunos Farhod Tolipovning aytishicha, bu tashabbus yangi emas.
“Rivojlanish va iqtisodiy o`sish nuqtai-nazaridan, albatta, birlashish, integratsiya katta yutuq bo`ladi. Haqiqiy iqtisodiy o`sish uchun katta yo`l ochadi. Bunga shubha yo`q. Ob’yektiv ravishda, tarix taqozosi bilan va turli geosiyosiy qonun-qoidalarga ko`ra, integrasiya bo`lishi muqarrar, faqat bunga sub’yektiv sabablar to`sqinlik qilishi mumkin”, - deydi Tolipov.
Siyosatshunoslar fikricha, Qozog`iston prezidentining Turkmaniston va Tojikistonga safari mintaqa muammolarini tashqi davlatlar ta`sirisiz yechish mumkinligini ko`rsatmoqda.