"Adolat" partiyasidan prezidentlikka nomzod taklif qilindi

O’zbekistonda prezident saylovlariga hozirlik ko’rilmoqda. Mamlakatdagi rasmiy partiyalardan biri - “Adolat” partiyasi mamlakat rahbari lavozimiga ayol nomzodini taklif qilgan.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o`tkazgan plenumda partiya siyosiy kengashining birinchi kotibi, partiyaning qonunchilik palatasidagi fraksiyasi raisi Dilorom G'ofurjonovna Toshmuhammedova O`zbekiston prezidentligiga nomzod sifatida ko`rsatilgan.

Dilorom Toshmuhammedova shu yilning 23 dekabrida o`tishi kutilayotgan prezident saylovlarida rasmiy partiyalar tomonidan ko`rsatilgan birinchi nomzod.

“Adolat” sotsial-demokratik partiyasi yetakchisining nomzodi oktyabr oyida o`tadigan partiya s’yezdida tasdiqlanishi kutilmoqda.

Shu paytgacha O`zbekistondagi rasmiy partiyalar prezidentlik saylovidagi ishtiroklar borasida aniq ma`lumot taqdim etmay kelayotgan edi.

Taxminlarga ko`ra, O`zbekistonda ro`yxatga olingan beshta partiyaning har biridan bittadan nomzod ko`rsatilishi kutilmoqda.

O`zbekistondagi rasmiy partiyalar “cho`ntak” partiyalar sifatida baholanadi. Ular amaldagi prezident va hukumat amriga bo`ysingani ta`kidlanadi.

Mahalliy ekspert Toshpo`lat Yo`ldoshev fikriga ko`ra, rasmiy partiyadan ko`rsatilgan nomzodlar o`z saylov dasturlarida Islom Karimov nomzodini targ`ib qilishlari aniq.

“Jalolov (Abdulhafiz Jalolov, 2000 yilda o`tgan O`zbekiston prezident saylovlarida Islom Karimovga raqib sifatida qatnashgan nomzod) nima ish qilgan bo`lsa, bular ham shu ishni qiladi, ya`ni saylov targ`ibotini Karimov foydasiga olib boradi”, - deydi ekspert.

Hozircha O`zbekiston prezidenti Islom Karimovning saylovda ishtirok etish-etmasligi haqida aniq ma`lumot yo`q.

O`zbekiston qonunlariga ko`ra, Islom Karimovning prezidentlikka saylanish vakolati tugagan. U ikki bor umumxalq saylovida saylangan.

O`zbekiston konstitusiyasi bir kishining uchunchi bor saylanishiga ruxsat bermaydi.

Kuzatuvchilar Islom Karimovning saylovda qatnashishini aniq deb hisoblaydi.

Ayni paytda davlat rahbarining mamlakat bo`ylab uyushtirayotgan safari saylov kampaniyasi sifatida talqin qilinmoqda.