Yevropa Ittifoqi rasmiysi O'zbekiston qaroridan norozi

Yevropa Ittifoqining yuqori lavozimli rasmiylaridan birining aytishicha, O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli hali ham yaxshi emas va O’zbekiston hukumati bu borada ittifoq bilan muloqot qilishdan bosh tortib kelmoqda.

Yevropa Kengashining tashqi aloqalar bo’yicha bosh rasmiysi Xavyer Solananing inson huquqlari bo’yicha shaxsiy vakili Riina Kionkaning aytishicha, O’zbekiston ilgari bergan va’dalariga zid ravishda Yevropa Ittifoqi bilan inson huquqlari bobida hamkorlik qilmayapti.

Vaholanki, 14 noyabr kuni Yevropa Ittifoqining O’zbekistonga qo’ygan sanksiyalarining muddati tugaydi va ayni damda ularni yangilash bo’yicha munozaralar ketyapti.

"Biz O’zbekiston bilan inson huquqlari bo’yicha muloqotni sanksiyalar qayta ko’rilmasidan oldin o’tkazmoqchi edik, biroq rasmiy Toshkent muloqotni bahorda o’tkazishga istak bildirgan," deydi Yevropa Ittifoqi rasmiysi.

Yevropa Kengashida sanksiyalar bo’yicha bir nechta uchrashuv bo’lib o’tgan. Britaniya, Shvetsiya, Gollandiya va Irlandiya ularni yangidan qo’llash va hattoki kuchaytirish tarafdori.

Yevropa Ittifoqining oldingi raisi Germaniya va hozirgi raisi Portugaliya sanksiyalarni yumshatib, O’zbekiston bilan Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha strategiyasi doirasida hamkorlikni kuchaytirishga chaqirmoqda.

Yevropa Kengashining inson huquqlari bo’yicha mas’ul xodimi Riina Kionkaning aytishicha, ittifoq a’zolari sanksiyalardan naf bo’lishi uchun ularning shaklini o’zgartirishni taklif qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalari Andijon voqealariga javob tariqasida, ilk bor 2005 yil noyabrida kuchga kirgan. Shundan so’ng har olti oyda yangilanib kelingan. Riina Kionkaning aytishicha, 15 oktyabr kuni Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari sanksiyalarni yangilash yoki yumshatish yuzasidan yangi qarorini qabul qiladi.

Yevropa Kengashining tashqi aloqalar bo’yicha bosh rasmiysi Xavyer Solana 9-10 oktyabr kunlari Turkmaniston, Qirg’iziston va Qozog’istonda bo’lib, har bir davlat rahbari bilan uchrashadi. Solana O’zbekistonga bormaydi.