AQShda qonuniy tarzda ishlash va yashash huquqini beruvchi lotereyada O’zbekiston fuqarolari ham ishtirok etishi mumkin.
AQShning O`zbekistondagi vitse-konsuli Meridit Rubinning aytishicha, arizalar tegishli veb sahifada ingliz tilida to'ldirilishi kerak.
Arizalarni to`ldirish shu yil 3 oktabridan 2 dekabrga qadar davom etadi.
Biroq ishtirokchilarga oxirgi muddatgacha kutib o`tirmaslik maslahat beriladi. Chunki arizalar soni ko’paygani sayin veb sahifa ham sekin ishlaydi.
Unda qatnashish bepul. O`rta maxsus ma’lumotga yoki maktabdan keyin 2 yillik ish tajribasiga ega, 18 yoshga yetgan fuqaro qatnashishi mumkin.
“Dasturda ishtirok etish tartibi juda oddiy va qat’iy. Afsuski, bu oddiy qoidalarga amal qilmagan ishtirokchilar arizalari chetlatiladi. Tez-tez kuzatiladigan xatolardan biri: bir kishi bir necha marta ariza to`ldiradi”, - deydi Rubin xonim.
Konsul o'rinbosarining aytishicha, dasturdan maqsad AQShda madaniy xilma-xillikni saqlash va boyitish.
Biroq AQSh viza berilgan fuqarolarning sarf-xarajatlarini ko`tarmaydi. Hukumat dastlabki yordam majburiyatini ham olmaydi.
Dasturda so`nggi besh yilda AQShga 50 mingdan ortiq immigrant yuborgan davlatlar, masalan, Rossiya ishtirok etmaydi.
2008 yil natijalariga ko`ra 1026 o`zbekistonlik grin karta olgan.
Konsullik bo`limidan vizaga rasman ruxsat berilgandan keyingina ishtirokchi yo`l xarajati, tibbiy ko`rik va ko`chish bilan bog'liq ishlarga kirishishi mumkin.
Imkoniyatlar hamma uchun bir xil. Oliy diplomga ega, ingliz tilida mukkamal gaplashadigan va ingliz tilini bilmaydigan ishtirokchi o`rtasida farq yo’q.
Lotereya kompyuterda anketalarni tasodifiy tanlash asosida o`tkaziladi. Taklif faqat pochta orqali so`rovnomada ko`rsatilgan manzil bo`yicha kelgandagina haqiqiy hisoblanadi.
Grin karta ishtirokchilari uchun yana bir muhim qayd – internet-kafe yoki bu borada xizmat ko`rsatuvchi kishilar yordamidan foydalangan shaxslar javob uchun faqat o`zlariga tegishli manzilni ko`rsatishi lozim.
Aks holda ishtirokchiga javob kelgan taqdirda ham u ariza bergan odamga yetib bormasligi mumkin.
Dasturda ishtirok etuvchilardan ariza to`ldirilishda yolg`on yoki noto'g'ri ma`lumot ko`rsatmaslik so`raladi.
Dasturda ishtirok etuvchilar o`z arizalarini quyidagi veb sahifada to'ldirishlari mumkin: www.dvlottery.state.gov