Prezident saylovlariga tayyorgarlik davom etyapti

O`zbekistonda prezident saylov kampaniyasi davom etmoqda. Kuzatuvchilar fikricha Markaziy saylov komissiyasi tasdiqlagan siyosiy partiyalar ro`yxati saylovda muqobillikni ta`minlamaydi.

Islom Karimov nomzodi uchinchi muddatga prezentlikka ko`rsatilishi hozirdanoq saylov taqdirini hal etgan, deydi faollar.

Huquq himoyachisi Baxtiyor Hamroyev fikricha saylash imkoniyati haqida gapirishga ham hojat yo’q.

“Diktaturaga saylov begonadir - ikkovini hech qachon yonma-yon qo`yish mumkin emas. Boshqa hech narsa deyolmayman, buyog`ini kovlagan bilan foydasi yo’q”, - deydi Hamroyev.

Markaziy saylov komissiyasi saylovda ishtirok etuvchi partiyalar ro`yxatini e`lon qilgan. Undan mamlakatdagi beshta rasmiy partiya va bitta tashabbus guruhi o`rin olgan.

Rasmiy partiyalar vakillari nazarida, 2000 yilgi prezident saylovlaridan farqli o’laroq, bu yilgi saylovda barcha siyosiy partiyalardan nomzodlar va mustaqil nomzod qatnashayotgani demokratiyadan dalolatdir.

Kuzatuvchilar esa saylov shunchaki demokratik niqob uchun tayyorlanayotgan o`yin ekanini ta`kidlaydi.

“Ularning hammasi Karimovni odamlari, turli rangdagi bir xil ko’ylaklar kiydirilgan. Ularning ichidan kim saylanishini, qaysi biriga qancha ovoz kerakligini saylovchi belgilamaydi, balki yuqoridan belgilanadi. Bular hammasi demokratiya niqobi kiydirilgan to’siqlardan boshqa narsa emas”, - deydi mahalliy kuzatuvchilardan biri Baxtiyor Isabek.

Prezident saylovida muxolifat ishtiroki va yondashuvi ham turlicha. “Erk” partiyasi yaqinda prezidentga saylovoldi murojaatini e`lon qildi. Unda “Erk” saylovda o’z yetakchisi Muhammad Solih nomzodi bilan ishtirok etishini bildiradi. Prezidentdan partiyaning rasmiy maqomini tiklashni talab qiladi.

“Erk” bosh kotibi Otanazar Oripov:

“Partiya sifatida saylovda qatnashishimiz uchun bizning konstitutsiyaviy maqomimiz, ro`yxatdan o`tganligimiz tiklanishi kerak. Murojaatga javob bo`lmasa yoki salbiy javob bo`lsa, biz xalqqa murojaat qilamiz va prezidentning iste’fosini so`raymiz. Bu narsani xalq hal qiladi”, - deydi Otanazar Oripov partiya murojaati haqida.

Uning aytishicha, Muhammad Solih nomzodini qo`llash uchun imzo yig`ish davom etmoqda.

Muxolifatdagi “Birlik” partiyasi saylov kampaniyasida partiya shaklida emas, tashabbus guruh tomonidan surilgan mustaqil nomzodlar bilan ishtirok etishini bildirgan edi. Biroq tashabbus guruhi yig`ilishini o`tkazishga ulgurmagan.

Markaziy saylov komissiyasining bunday yig`ilishga ruxsat beruvchi xati nomzodlarni ro`yxatga olish muddati tugashidan bir kun avval - 12 oktyabrda olingan. Komissiya javob xatini 8 oktyabr kuni yozgani ta`kidlanadi.

“Birlik” partiyasi tashkiliy guruhi rahbari Hayitboy Abdullayevning aytishicha, u o`qigan qonunchilikda tashabbus guruhlarini ro`yxatga olish saylovga 75 kun qolganda tugashi kerak - saylov komissiyasi ko`rsatayotganidek 70 kunda emas.

Partiya mazkur holat yuzasidan komissiyani sudga berishni rejalamoqda.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi tomonidan ko`rsatilgan nomzodlar ham tashabbus guruhi majlisini o`tkaza olmagan. Abdulla Tojiboy o’g’li saylov kampaniyasida ishtirok eta olmaganini xavfsizlik kafolatlari berilmagani bilan izohlaydi.

Mustaqil jurnalist Dilmurod Sayyid:

“Bularni yozayotgani faqatgina internetda chiqayapti va quruq gapdan iborat bo`layapti. Hokimyatga talabgorlik, albatta, xalqqa yaqinlikni talab qiladi. Ichkarida turib gapiriladigan, xalqni ishontiradigan bironta harakat qilinmagan. Hokimiyat shuncha shirinki, hozirda uni egallab turgan rahbarlar ularga shunchaki yo`l berishiga ishonmayman.”

Xalqaro sahnada O`zbekiston siyosiy erkinliklar cheklangan, muxolifat faoliyati keskin tazyiq ostiga olingan avtoritar davlat sifatida qayd etiladi. Muxolifat yetakchilari quvg`inda, mamlakatdagi faollarning esa turli ayblar bilan qamoqda saqlanishi kuzatiladi.

Markaziy saylov komissiyasining bildirishicha, Islom Karimovning uchinchi bor prezidentlikka nomzodini qo`llab-quvvatlovchi imzo yig`ish jarayoni boshlangan.

Ba’zi mustaqil nomzodlar komissiyani noxolislikda ayblaydi.

“Erk” partiyasi saylovda qatnashish huquqlari bo`yicha prezidentga yozgan murojaatiga javob kutmoqda. Partiya bosh kotibi Otanazar Oripov saylovda kim qatnashishini saylov komissiyasi emas, O`zbekiston prezidenti belgilaydi, deydi.