Ko’plab tahlilchilar fikricha Rossiya o’tgan yillar mobaynida erishgan iqtisodiy yutuqlari evaziga ancha oyoqqa turgan. Prezident Vladimir Putin xalqaro sahnada Rossiya mavqeini tiklashga urinmoqda. Kreml tashqi dunyoga ishonmay qo’ygan.
Rossiya iqtisodiyoti atigi bir necha yil oldin Portugaliyanikidan ham kichikroq edi. Hozirda jahonda oltinchi o’rinda.
Putin boshqaruvi davrida mamlakat qarzlaridan qutulgan. Milliardlab dollar daromadini Rossiyaning o’zida va xorijga sarmoya qilmoqda.
Tahlilchi Kit Kreyn Rossiya iqtisodini Xitoynikiga taqqoslaydi. Xitoyda o’sish yiliga deyarli 10 foiz, Rossiyada esa 6.5 foiz. Ammo rubl qiymati oshib borayotganini ham hisobga olish kerak, deydi olim. Ayniqsa xususiy sektori jadal rivojlanmoqda.
Vladimir Putin 1990 yillarda g’arb davlatlari bilan qator shartnomalar imzolagan. Endi ularni o’zgartirib, yangicha siyosat yuritmoqchi, deydi siyosatshunos Anjela Stent.
Olima nazarida Rossiya AQSh va Yevropa kabi nufuzga ega bo’lishni xohlaydi, u bilan hisoblashish lozim ekanini ko’rsatmoqchi.
Putin Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkoiloti, NATOning kengayishini tanqid ostiga olib keladi. Eron yadro dasturi yuzasidan ham G’arb bilan kelishmayapti. AQShning Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish harakatlariga javoban, Kreml qurol-yarog’ni kamaytirishga doir bitimlardan chiqishi haqida ogohlantirgan.
Tahlilchi Stiven Sestanovich nazarida Putin tashqi siyosati rossiyaliklarga ma’qul.
"Putinning reytingi Rossiya qudratini tiklayotgani, manfaatlarga kelganda boshqa davlatlar bilan qo’rqmasdan tortisha oladigan prezidentman, degan tasavvurga asoslanadi",- deydi Sestanovich.
Rossiya rahbari, sobiq KGB agenti. Yuqori lavozimlarga ham hamfikr odamlarni tayinlagan.
Xavfsizlik xizmati xodimlari hamma narsaga shubha bilan qaraydigan, “birovning g’alabasi, boshqaning mag’lubiyati” degan nuqtai-nazarga ega shaxslar, deya tushiuntiradi olim Kit Kreyn.
"Sobiq KGB agentlari, oligarx va siyosatchilardan farqli o’laroq, biz Rossiya manfaatlarini himoya qilamiz deb chin dildan ishonadi",- deydi mutaxassis.
Ammo Rossiyada ko’p narsa parda ortida. "Sarmoya kiritishni istagan G’arb kompaniylari ertaga ularni nima kutayotganidan xavotirda",- deydi Sestanovich.