Alisher Soipovning jurnalistik faoliyati tahlil ostida

Muxbirimiz Alisher Soipov O’shda o’ldirib ketilganidan deyarli ikki hafta vaqt o’tibdi hamki, uni kim o’qqa tutgani jumboqligicha qolmoqda.

Qirg’iziston ombudsmani Tursunboy Bakir o’g’li fikricha, Alisherning tanqidiy, o’tkir maqolalari ayrim siyosiy doiralarga yoqmas edi.

Uning nazarida qotillikda O’zbekiston milliy xavfsizlik xizmati aralashgan bo’lishi mumkin. Biroq, deydi u, buning tagiga yetish uchun imkon yo’q. Hukumatlar-aro hamkorlik sabab tergov oxirigacha olib borilmasligi mumkin. Alisher Soipov xalqqa haqiqatni yetkazishdek buyuk mas'uliyat uchun jon berdi, deydi ombudsman.

Jurnalist ahli bugun Alisherga motam tutmoqda. BMT, AQSh va ko'plab xalqaro tashkilotlar qotillikni qoralab chiqqan. Hammaning umidi bir - Alisher Soipovning qotillari topilib, sudga tortiladi, adolat oldida javob beradi. Jurnalist qoldirgan meros, uning faoliyati tahlil ostida.

Alisher foniy dunyodan bevaqt ketdi. Nafaqat foniy dunyodan, balki ijodidan ham. Jurnalist sifatida katta maqsadlarni ko’zlagan bu yigitning qalami hali qancha mavzularni yoritmadi, qancha so’zlar aytilmay qoldi. Alisherni o’limidan yarim soat oldin ko’rgan do’sti, jurnalist Shohida To’laganova fikricha, Alisher maksimalist edi.

Alisherning o’limidan so’ng jinoyatni tergov qilishga kirishgan Qirg’iziston Ichki ishlar vazirligi ilk rasmiy bayonotida tergov borasida ma’lumot berish o’rniga, uning o’ldirilganini xuddi oqlaganday, marhumni Hizb-ut-Tahrir, O’zbekiston Islomiy Harakati, Muhammad Solih kabi siyosiy qarashlari turlicha bo’lgan shaxs va tashkilotlarga aloqasi bor deb, “Soipovning o’limi kimga kerak edi” degan asosiy savolni chetlab o’tdi.

Alisher yordamida Qirg’izistonda ilmiy tadqiqot olib borgan amerikalik olim Erik Makglinchining aytishicha, haqiqiy professional jurnalistning turli qarashlarga ega odamlar bilan aloqada bo’lishi tabiiy hol.

“Eng muhimi Alisher jurnalist va tadqiqotchi edi. Har bir jurnalist va tadqiqotchi kabi biz Hizb-ut-Tahrir a’zolari bilan uchrashardik, izlanish olib borar edik, bunday tashkilotlar haqida ko’proq o’rganishga harakat qilardik. Biroq ular bilan muloqot qilish - g’oya va tamoyillarini qabul qilish, ularga do’st yoki dushman bo’lish degani emas.”

Internetdagi ayrim nashrlar Alisher Soipovning ko’plab ommaviy axborot vositalariga ma’lumot uzatganini pulga o’chlik deb yozgan. Uni yaqindan taniganlar Alisherning qarama-qarshi xislati haqida gapiradi.

Alisher o’zi ta’sis etgan “Siyosat” gazetasiga fevral oyidan buyon muharrirlik qilar edi. To’rt mingdan ziyod nusxada chiqadigan gazetada Qirg’izistondagi siyosiy vaziyat, mahalliy o’zbeklar hayoti, qo’shni O’zbekiston haqida maqolalar chop etilardi. “Siyosat”ning ayrim nusxalari yashirincha O’zbekistonga ham olib kirilardi.

“Gazeta og’ir sharoitda vujudga keldi va darrov omma nazariga tushdi. U jamiyatning mustaqil axborot uchun ehtiyojiga javob bo’ldi. Shuning uchun ham unga grant berishga qaror qildik,” - deydi AQShning Demokratiyani quvvatlash jamg’armasi vakili Miriam Lanskoy.

O’zbekiston matbuotining jur’ati yetmaydigan mavzularni muntazam ravishda yoritgan “Siyosat” gazetasi rasmiy Toshkent noroziligiga uchragan. Jurnalist hayotining so’nggi kunlarida Andijon va Namangan televideniyesi, O’zbekiston hukumati qaramog’idagi internet sahifalarida Soipovga qarshi malomat toshlari yog’dirildi. Unga “o’zbek xalqining xoini” tamg’asi yopishtirildi.

Alisher ko’p narsalarni orzu qilardi. Markaziy Osiyoda haqiqiy integratsiya kamol topishini, televideniye va radio stansiya ochishni, mintaqa xalqlarining siyosiy ma’noda erkin bo’lishini, Amerikaga safar qilishni va nihoyat – o’limidan ikki oy oldin qiz ko’rgan Alisher o’g’illi bo’lishni ham orzu qilar edi.

Orzularining ba’zilari endi Alishersiz amalga oshadi, boshqalarini esa Alisher o’zi bilan birga olib ketdi.