Yevropa tashkiloti Rossiyadagi saylovlarni kuzatmaydigan bo'ldi

Yevropaning jahon bo’ylab saylovlarni kuzatuvchi eng yirik tashkilotlaridan biri kelasi oy Rossiyada parlament saylovlarini kuzatish qarorini bekor qilgan.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) vakillari ularga viza berilmagani, mamlakatga kira olmaganini aytmoqda.

YXHTning demokratiya va inson huquqlari idorasi chiqargan bayonotga ko’ra, Rossiya tashkilot kuzatuvchilariga vizalarni bir necha bor rad etgan. Bundan xulosa shuki, Kreml ularni qabul qilishni xohlamaydi, deyiladi bayonotda.

Rossiyada parlament saylovlari 2 dekabrga belgilangan. YXHT vakili Urdur Gunnarsdottirning aytishicha, saylov-oldi kampaniyasi qanday kechayotganini kuzatishning iloji yo’q.

Rossiya Markaziy Saylov Komissiyasi xodimi Igor Borisov nazarida esa tashkilot qarori yaxshi o’ylanmagan. Partiyalarni ro’yxatga olish kabi saylov-oldi jarayonlarni kuzatishning hojati yo’q, deydi u.

Rossiya parlament saylovlariga bu safar Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan 70 vakilni taklif qilgan. 2003 yilda esa 400 kuzatuvchi taklif qilingan edi.

Rossiyalik huquq faoli Lev Ponomarev fikricha, tashkilotning saylovni kuzatmaslik qarori Rossiya obro’siga putur yetkazadi.