Yaqin Sharq anjumani tinchlik haqidagi va'dalar bilan tugadi

Prezident Bush bugun Oq uyda Isroil Bosh vaziri Yaxud Olmert va Falastin rahbari Mahmud Abbosni qabul qilmoqda.

Kecha Annapolis shahrida ellikka yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar ishtirokida Yaqin Sharq kelajagi muhokama qilingan.

Erishilgan kelishuvga ko’ra, Isroil va Falastin mintaqadagi xunrezlikka nuqta qo’yishga bel bog’lagan. AQSh jarayonni kuzatib boradi.

Doimiy tinchlik bitimi kelasi yil oxiriga qadar imzolanishi kerak. Buning uchun maxsus qo’mita tuzilgan. Yaxud Olmert va Mahmud Abbos oyida ikki marta uchrashib turishga kelishib olgan.

Ellikka yaqin davlat va xalqaro tashkilotlar ishtirok etgan anjumanda so’zlar ekan, prezident Bush tinchlikka erishish vaqti yetdi deydi. Tomonlar 2003 yilda imzolangan tinchlik rejasiga amal qilishga va’da bergan. Rejani tuzishga AQSh, Rossiya, Yevropa Ittifoqi va BMT vositachilik qilgan edi.

Prezident Mahmud Abbos Falastin xalqiga murojaat qilib, tushkunlikka tushmaslikni, ular taqdiri xalqaro hamjamiyat diqqat markazida ekanini aytgan. Abbos ma’muriyatiga ko’ra, Falastin poytaxti Quddus sharqi deb belgilanishi, qochqinlar masalasi esa to’liq ko’rib chiqilishi shart.

Isroil Bosh vaziri Yaxud Olmert uning davlati Falastin xalqi, ular boshidan o’tgan fojialarga befarq emasligini aytadi. Hozirgacha chetlab o’tilgan barcha mavzularni ko’taramiz, muhokama qilamiz, deydi u.

AQSh rasmiylari tinchlik rejasini kelasi yil oxiriga qadar amalga oshirish qiyin bo’lishini tan oladi, biroq umid qilishdan to’xtamaymiz demoqda. AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays barcha tomonlarni yon berishga va murosa qilishga undayapti.