Tahlilchilar: Rossiyadagi saylovlarda Putin partiyasi g'alaba qozonadi

Yakshanba kuni Rossiyada parlament saylovlari. Bugun saylovoldi targ’ibot-tashviqot ishlarining oxirgi kuni. Tahlilchilar prezident Putinning “Yedinaya Rossiya” partiyasi g’alaba qozonadi deya bashorat qilmoqda.

Muxolifat yetakchisi, shaxmat bo’yicha sobiq jahon chempioni Garri Kasparov fikricha, Rossiya “diktatura tomon harakatlanmoqda”. 5 kunlik qamoq muddatini o’tagach, Kasparov kecha ozod qilingan.

Prezident Putin esa “Yedinaya Rossiya” partiyasini targ’ib va tashviq qilish bilan band. Partiya iqtisodiy taraqqiyot va farovonlikni kafotlatlaydi, deydi u.

Putin fikricha, xalq o’tmish xatolaridan xulosa qilishi, noqobil nomzodlarga ovoz bermasligi zarur. Chunki ular Rossiyani barbod qiladi deydi u.

Kelasi yil mart oyida Rossiyada prezident saylanadi.

Putindan so’ng hokimiyatni kim egallaydi? Ayrimlar nazarida bu xalq irodasiga emas, Vladimir Putinga bog`liq.

O’zbekistondagi “Siyosat” axborot-tahlil markazi xodimi Sharofiddin To`laganov fikriga ko`ra, Vladimir Putin 2 dekabr kuni deputat sifatida saylanishi mumkin. So’ng Rossiya konstitutsiyasini buzmagan holda uchinchi muddatga prezident etib saylanish uchun nomzodini taklif qilishi mumkin.

“Qonunga ko`ra, prezident bir vaqtning `ozida deputat bo`lishi mumkin emas. Putin dekabr oyining brinchi yarmida muddatdan oldin prezidentlikdan ketishi ehtimoli bor. 15 dekabrdan 15 yanvargacha prezidentlikka nomzodlar ko`rsatila boshlaydi. Shu muddatda Putin nomzodi konstitusiyani buzilmagan holda yana prezidentlikka ko`rsatilishi mumkin”, - deydi To`laganov.

Demokratik tashabbuslar markazi rahbari Iskandar Xudoyberganov Putin uchinchi bor prezidentlikni da`vo qilmasdan turib ham hukumat tepasida qoladi deydi.

“Putin prezident bo`lishi shart emas. Shunday ham boshqarish uchun barchasini hozirlab qo’ygan. Prezident ham uning odami bo`ladi. Bizda demokratiya bor degan ma’noda qilinayotgan ishlar. Aslida niyati - totalitar rejimni saqlash va sovet imperiyasini tiklash”, - deydi Xudoyberganov.

Sharofiddin To’laganov ta’biricha, Putin bu usulni qo’llagan taqdirda, “six ham, kabob ham kuymaydi”.

“Albatta g`arb nuqtai-nazaridan demokratiyaga sal darz ketishi sifatida baholanishi mumkin”, - deydi u.

Iskandar Xudoyberganov O`zbekiston hukumati saylovlardan keyin ham Rossiya hukumatiga bog’lanib qoladi, demokratiyadan uzoqlashib boraveradi deydi.

Kuzatuvchilar Rossiyada sobiq ittifoqdagi kabi shaxsga sig`inish, Putin shaxsini ulug`lash kampaniyasi boshlanganini ta’kidlaydi.

“Putinizm g`oyasi boshlandi, Rossiyaning ta’siri juda kuchli. Bizdagi totalitar rejim faqat Rossiyaga ishonadi. Agar Rossiya demokratiya yo`liga o`tsa, bizdagi rejim o`z-o`zidan qulaydi”, - deydi Iskandar Xudoyberganov.

Bugun Rosiya va O`zbekiston aloqalari har tomonlama rivojlanib bormoqda. Rossiya asosiy ittifoqchi, iqtisodiy hamkor sifatida ko`rilmoqda.

Joriy hafta O’zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya bosh vaziri muovini, Rossiya prezidentligiga nomzod sifatida tilga olinayotgan Sergey Ivanov O’zbekiston hukumati bilan iqtisodiy bitimlar imzoladi.

Tahlilchilar bu tashrifni saylovlar oldidan O`zbekiston prezidenti Islom Karimovni qo’llab-quvvatlash sifatida qilingan siyosiy qadam deya baholamoqda.

Bu orada Rossiyada Kremlga muxolif qarash va mulohazalar davlat televideniyesida umuman namoyish qilinmayapti. Muxolifat faqat bosma matbuotdan foydalanmoqda.

Adadi 75 ming nushadan iborat “Vedomosti” gazetasida yozilishicha, odamlar Putinning “Yedinaya Rossiya” partiyasiga ovoz berishga majbur qilinmoqda.

Rostov oblastida maktab direktoriga bosim o’tkazilgan. U o’z navbatida o’quvchilarning ota-onalariga maslahat bera boshlagan. Yakshanba kungi saylovdan so’ng ota-onalar kimga ovoz bergani birma-bir tekshirilishi kutilmoqda, deb yozadi “Vedomosti” gazetasi.

O’xshash holat zavod va kasalxonalarda ham qayd etilgan.

Rossiya parlamenti sobiq spikeri Vladimir Rijkovning aytishicha, ayrimlarga ishdan haydash kabi do’q-po’pisalar qilingan.