AQShda ta'lim olish imkoniyatlari haqida muxlislar savollariga javoblar

Urganch Davlat Universitetining 3-bosqichida o’qiydigan Dildora Duschanova yo’llagan savol quyidagicha:

“Santa Barbara shahar kollejiga hujjat yuborgandim. Agar meni qabul qilishsa, viza masalasi qanday bo'ladi”?

Santa Barbara shahar kolleji sizni o’qishga qabul qilsa, sizga I-20 nomli forma jo’natadi. Ya’ni chet ellik talaba o’qishga qabul qilinganini tasdiqlovchi qog’oz. Mana shu hujjat bilan siz F-1 talabalik vizasini olish uchun AQSh elchixonasiga murojaat qilasiz.

I-20 formasi va F-1 vizasi haqida Santa Barbara shahar Kolleji (Santa Barbara City College) hamda AQSh davlat departamenti veb sahifasida tanishishingiz mumkin. http://www.sbcc.cc.ca.us, www.educationusa.state.gov. Shunigndek, sizni qabul qilgan oliygoh sizga bu borada batafsil ma’lumotlar jo’natadi.

Jahongir Fazliddinov ismli tinglovchimizning savoli:

“O'zbekistondan chet elga o'qishga yuboradigan markazlar haqida ma’lumot bera olasizmi? AQShga o'qishga borish uchun qayerga uchrashim kerak”?

Bu xildagi dasturlar hozir AQShnining Toshkentdagi elchixonasi tomonidan yuritilmoqda. Vaqti-vaqti bilan elchixona veb-saytiga kirib, u yerdagi yangiliklardan boxabar bo’lib turing.

Masalan, ayni damda Global Undergraduate Exchange Program, ya’ni bakalavrlik darajasi uchun o’qiyotgan yoshlar almashinuv dasturga hujjatlar qabul qilinmoqda. Universitetlarning 1,2, 3-bosqich talabalariga mo’ljallangan. Yakuniy sana - 10 dekabrgacha hali vaqtingiz bor. Elchixona veb-sayti: www.usembassy.uz.

20 yoshli Sherzod Obidov bu yil AQShda yashash va ishlash huquqini beruvchi grin karta uchun lotereya o’ynagan.

“Dasturda qatnashib, ro'yhatdan o'tdim. Lekin uni bekor qilmoqchiman. Chunki AQSh elchixonasi e’lon qilgan Global Undergraduate Exchange Program dasturiga qiziqib qoldim. Uning qoidalariga ko'ra, agar talaba grin karta lotereyasida qatnashsa, ta’lim dasturiga hujjat topshira olmas ekan. Lotereyadagi anketamni qaytarib olsam bo’ladimi”?

Avvalo, almashinuv dasturi xodimlari bilan maslahatlashing. Grin karta lotereyasi tartib-qoidalariga ko’ra, ishtirokchi anketani bekor qila olmaydi. Siz lotereya natijalari e’lon qilinguncha kutishingiz kerak bo’ladi. Natijalar kelasi yil o’rtalarida ma’lum bo’ladi.

Bizga ma’lum bo’lishicha, siz AQShda doimiy yashash uchun hujjat topshirgan bo’lsangiz-gina almashinuv dasturida qatnasha olmaysiz. Lotereya o’ynash immigratsion hujjat topshirish degani emas. Agar grin karta yutib turib, almashinuv dasturiga qiziqsangiz, unda rad etilishingiz mumkin.

Yaponiyada iqtisodiyot sohasida magistrlik darajasini egallab O'zbekistonga qaytgan Dilmurod Ubaydullayevning savoli quyidagicha:

“Doktoranturani (PhD) AQSh universitetlaridan birida o'z mablag'im hisobidan yoki grant hisobidan o'qish niyatim bor. Qaysi universitetlar iqtisodiyot sohasida PhD darajasini olish uchun qulay hisoblanadi”?

Iqtisodiyot bo’yicha doktorlik dasturlarini internetdan izlash mumkin. Qidiruv tizimiga “economics schools in America”, “PhD programs in US” degan so’zlarni kiritasiz. Har bir universitetning dasturini o’rganib chiqib, sizga ma’qulini tanlaysiz. Ta’lim haqi universitet nufuziga bog’liq.

Masalan, Nyu-York (New York University), Kornell (Cornell University) va Kolumbiya (Columbia Unviversity) universitetlari iqtisodiyot va moliya dasturlari bilan tanilgan. Nyu-York Shtat Universiteti (New York State University) yoki Virjiniya shtatidagi Jorj Meyson Universiteti (George Mason University) iqtisod va biznes bo’yicha yirik ilmiy maskanlar.

AQShda barcha ta’lim dargohlari chet ellik talabalarga moliyaviy yordam taklif qiladi. Ularning tanlovidan o’tsangiz bas. Sizdan talab qilinadigan ish – erinmasdan har bir universitet haqida imkon qadar mufassal ma’lumot to’plash.

AQShda ta’lim olish imkoniyatlari haqida sizni qiziqtirgan savollarni har doimgiday uzbek@voanews.com da kutib qolamiz. Internetdagi veb sahifamiz – amerikaovozi.comdan ham ko’plab foydali ma’lumotlar topasiz.