AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi terrorizmda gumon qilingan shaxslarni, jumladan Al-Qoida yetakchilaridan biri Abu Zubaydani so’roq qilish jarayoni tushirilgan videotasmalarni yo’q qilgan.
Boshqarma direktori Maykl Xeydenning tushuntirishicha, videokassetalar jamoatchilik qo’liga tushishi va tergovchilarning shaxsi oshkor etilishini oldini olish maqsadida shunday qarorga kelingan.
Markaziy Razvedka Boshqarmasi, deydi Xeyden, qonunchilarga kassetalar mavjudligi haqida 2005 yilda bildirgan. Ammo ularga aniq ma’lumot uzatilmaganini ta’kidlayotgan qonunchilar boshqarma qarorini tekshirib ko’rishga chaqirmoqda.
Inson huquqlari tashkilotlari nazarida, videotasmalarning barbod qilingani qonunga zid va bu qonuniy hujjat-dalillarni yo’q qilish bilan barobar.
Biroq Oq uy so’zlovchisi Dana Perino so’zlariga ko’ra, maxfiy xizmatlar qo’llaydigan so’roq qilish usullari davlat xavfsizligi uchun muhim.
Prezident Bush terrorda gumon qilinganlarni “qo'pol” so’roq qilishga 2002 yilda ruxsat bergan. Jurnalistlar qo’lga kiritgan ma’lumotlarga ko’ra, gap mahbuslarni sun’iy cho’ktirish va og’ziga suv quyish haqida ketmoqda. Ba’zilar fikricha bu qo’pol so’roq qilish emas, qiynoq.
AQSh Razvedka Boshqarmasi direktori Xaydenning aytishicha, so’roqlar qonun doirasida o’tkazilishini nazorat qilish uchun ham videokassetaga tushirilgan.