AQShdagi til markazlari va o'qish narxi

Amerika Ovozi tahriryatiga kelayotgan ko’plab maktublarda Amerikada qanday qilib bepul o’qish mumkin degan savol beriladi.

AQShda o’z hisobidan o’qish niyatida yurganlar ham bor. Ular buning uchun taxminan qancha xarajat qilishim kerak deya so’raydi.

Ingliz tilini o’rganishni xohlovchilar ham kam emas.

AQSh oliygolarida o’qish bahosi mamlakatda mavjud iqtisodiy ahvoldan kelib chiqqan holda belgilanadi.

AQSh Aholini ro’yxatga olish Byurosi (US Census Bureau) hisobotiga ko’ra, 2006 yilda bir oilaning o'rtacha daromadi (household income) 48.201 dollarni tashkil etgan.

Amerikada bir yillik o’qish bahosi o’rtacha 20 ming dollar. Gap ilmgohning kim tomonidan moliyalanishida.

Davlat byudjetidan molyalanuvchi universitetlarni (public universities and colleges) ko’p hollarda nomidan bilasiz. Unga “state”, ya’ni shtat so’zi qo’shilgan bo’ladi, masalan, California State University, Texas State University yoki Michigan State University va hokazo.

Bu xildagi ilm dargohlari odatda arzonroq. Albatta, bu imtiyoz faqat AQShning muayyan shtatida yashovchi fuqarolarga taalluqli. Oddiy misol: shtat fuqarosi yiliga taxminan 5 ming dollar to’lasa, boshqa shtatdan yoki davlatdan kelgan talaba 15 ming dollar to’laydi. Nima sababdan bunday farq deya so’rashingiz mumkin.

Yuqorida aytganimizdek, shtat tasarrufidagi universitetlar byudjetdan, ya’ni ana shu shtatdan yashovchi fuqarolarning soliqlaridan moliyalanadi. Shu bois AQShda davlat emas, ko’pincha jamoat maskani degan tushuncha ishlatiladi.

Tabiiyki, fuqaro soliq to’ladimi, demak, universitet unga imtiyoz beradi. Bundan tashqari, fuqaroga oliy ma’lumot va bilim berayotgan shtat bu bilan kelajakda o’z iqtisodiy taraqqiyoti va barqarorligini kafolatlaydi.

Jamoat universitetlarida talabalar soni 20 mingdan kam emas. Xorijlik yoshlarga qo’yiladigan talablar ham ancha yuqori. O’qish bahosi esa hamma xarajatlarni jamlab hisoblasak, yiliga taxminan 23.000 dollar. Dars puli, yeyish-ichish, transport, kitob-daftar deganday…

AQSh dollarining qardsizlanishi universitetlarga ham ta’sir qilmoqda. O’qish narxi har yili o’rtacha 5-6 foizga o’sadi.

Xususiy oliygohlar esa turli jamg’arma, boy oilalar, xayriya va grantlar yordamida faoliyat ko’rsatadi. Ta’lim narxi ham ancha qimmat. Mavjud fikrga ko’ra, xususiy universitetlarda har bir talabaga ko’proq vaqt va e’tibor beriladi. Xususiy universitetlarda bir yil o’qish uchun 32.000 dollar haq to’lash kerak.

Qo’shma Shtatlarda aynan til o’rgatishga ixtisoslashgan 400 dan ziyod ta’lim maskani bor. Davlat ro’yxatidan o’tgan bu maskanlar xorijlik talabaga viza hujjatlarini berish vakolatiga ega. Bu kurslar pullik. Masalan, Texasdagi Ingliz Markazida (CEL (Center of English Language) Educational System of Texas) 4 oylik ingliz tili kurslari taxminan 3200 dollar turadi. O’quv-qurollarini hisobga olmaganda.

Til markazlari haqida AQSh Davlat Departamenti veb saytidan atroflicha ma’lumot olish mumkin: www.educationusa.state.gov Shuningdek, amerikaovozi.comdan. Savollarni esa elektron manzilimiz uzbek@voanews.com ga yo’llayvering.

Foydali veb saytlar: www.studyusa.com, www.studyabroad.com, www.nafsa.org, www.eiworldwide.com.