Giyohvandlik afg'on jamiyatini yemirmoqda

Afg’oniston – dunyo qoradori sanoati manbai.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko’ra, jahonda afyunning 90 foizi Afg’onistonda ishlab chiqariladi.

Qoradori yetishtirish bu mamlakat uchun yangilik bo’lmasa-da, giyohvandlik naqadar keng tarqalgani bu jamiyatda endi-endi ko’zga tashlanmoqda.

Rasmiy Kobul ko’rayotgan choralarga qaramay bu yili Afg’onistonda o’tgan yilga nisbatan 8 ming tonna ko’p afyun ishlab chiqarilgan.

"Afyun savdosi Afg’oniston yalpi milliy mahsulotining 52 foizi, ya’ni 4 milliard dollarga teng",- deydi siyosatdon Eymi Frumin.

Qoradori sanoati zamonaviylashib borar ekan, Pokiston va Eron bilan chegaradosh hududlarda tashkil etilgan yashirin laboratoriyalar afyunni geroin va morfinga aylantirishga qodir.

Bu biznes nafaqat Tolibon nazorati ostidagi hududlarda avj olgan.

Tahlilchi Aleksandr Teyer fikricha afyun savdosidan dehqon va savdogarlardan tortib jangari va amaldorlargacha, barcha katta foyda ko’radi. Mamlakat iqtisodiyotining ajralmas qismiga aylangan.

Ko’plab mutaxassislar nazarida dehqonlar ko’knor ekishga majbur, chunki yaxshiroq imkoniyatlar yo’q. Mamlalatda biroz iqtisodiy o’sish kuzatilgan, lekin qashshoqlik hamon katta muammo.

"Dehqon muqobil ekinlardan emas, aynan ko’knoq ekib 15-20 baravar ko’proq iqtisodiy foyda ko’radi", - deydi olim Norin Makdonald.

Afg’onistonda qurg’oqchilik bir necha yil davom etgan, irrigatsiya tizimi deyarli ishdan chiqqan. Ko’knor esa bunday sharoitga chidamli.

BMT hisobicha, dehqon odatda bir kilogram afyunni 100 dollarga sotadi.

Eronda buni 600 dollarga, Xitoyga yetganda esa 800 dollargacha sotish mumkin.

Eron va Pokistondagi afg’on muhojirlarining vatanga qaytishi bilan, deydi kuzatuvchilar, o’tgan yillar mobaynida mamlakatda giyohvandlik avj olgan, xususan geroin iste’moli kuchaygan.

Tahlilchi Aleksandr Teyer buni asosan yoshlar orasida ishsizlik va iqtisodiy qiyinchiliklar bilan bog’laydi. "Ikkinchi sabab",- deydi u, "mamlakatning o’zida kichik laboratoriyalarda afyundan geroin olinayotganidir".

Ammo Afg’onistonning sog’liqni saqlash tizimi giyohvandlar u yoqda tursin, oddiy fuqarolar ehtiyojini ham qondira olmaydi.

"Nashavandlik o’zi bilan immunitet taqchilligi virusi, SPID muammosini olib keladi. Mamlakatda kasallik epidemiyasi boshlanish arafasida",- deydi Makdonald.