Afg'onistonda bu yili olti ming kishi halok bo'lgan

Shimoliy Atlantika Shartnomasi tashkiloti - NATO va Afg’oniston rasmiylarining aytishicha, janubdagi Musa Qala shahri Tolibondan tozalangan, biroq hudud hamon notinch.

Bugungi amaliyotlarda 50 dan ortiq tolib o’ldirilgan. Shahar atrofida tekshiruv punktlari barpo etilgan.

Afg’oniston Mudofaa vazirligi so’zlovchisi general Muhammad Zohir Azimi Musa Qala hukumat nazorat ostiga o’tganini tasdiqlagan. Ammo Hilmand viloyatining katta qismi hamon Tolibon qo’lida.

Tolibon harakatining bildirishicha esa, Musa Qala shahridan chekinish bu bir harbiy taktika, xolos. Hilmand viloyati – Tolibon o’chog’i va ular faoliyatini moliyalovchi qoradori savdo markazi.

Afg’onistonda bu yili olti ming kishi halok bo’lgan. AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts mamlakatda suiqasd xurujlar ko’payganini aytadi. “Tolibon 50 ming sonli xalqaro koalitsiyaga bas kela olmaydi,” - deydi Geyts.

AQShning ba’zi qonunchilari fikricha Iroqda urush boshlangach, Afg’oniston ko’pchilik nazaridan chetda qolgan. “Iroqqa safarbar etilayotgan resurslarning bir qismini Afg’onistonga ko’chirish lozim,” - deydi demokrat kongressmen Ayk Skelton.