O`zbekiston rahbari Islom Karimov prezidentlikning yangi, yetti yillik, muddati uchun qasamyod keltirdi.
"O'zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, konstitutsiya va qonunlariga rioya etishga, fuqaro haq-huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O'zbekiston Respublikasi prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman",- dedi Karimov.
Hukumat tanqidchilari nazarida esa bu va’dalar - quruq safsata.
23 dekabrdagi saylov natijasida uchinchi muddatni qo’lga kiritgan Islom Karimov Oliy Majlisning har ikki palatasi oldida qasamyod qabul qilgan.
Qasamyod marosimida Oliy Majlis, Vazirlar Mahkamasi, Markaziy Saylov Komissiyasi, turli tashkilot rahbarlari, shuningdek O`zbekistonda ro`yxatdan o`tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etgan.
Yangi muddat rasman shu kundan boshlandi. Karimov amaldagi siyosatni davom ettirishga, o’z prezidentlik dasturini royobga chiqarishga bel bog’laganini aytmoqda.
Kuzatuvchilar qasamyod marosimi to`satdan, jamoatchilikka oldindan ma`lum qilinmasdan o`tkazilganidan ajablanmoqda. O`zbekistonda omma prezident qasamyod qabul qilgandan so`nggina bu haqda xabar topgan.
O`zbekiston prezidentining qasamyod marosimi Islom Karimovning 70 yillik yubileyi - 30 yanvar kuni, katta dabdaba bilan o`tkazilishi mumkinligi haqida taxminlar bildirilayotgan edi.
Muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov fikricha marosimning kamtarona o`tkazilishi dunyoda O`zbekiston prezidenti saylovi keskin tanqid ostida olingani bilan bog`liq.
“Qasamyod kuni e`lon qilingan taqdirda [xorijdan] prezidentlar taklif qilinadigan bo`lsa, bu rejadagidek amalga oshmasligi ko`rinib turgan edi. Shuning uchun ham avholni bilib, sharmanda bo`lmaslik uchun imida-jimida o`tkazildi” , -deydi Oripov.
G'arblik kuzatuvchilar va tashkilotlari saylovni adolatsiz deb topgan. Ular nazarida saylov jarayoni xalqaro talablar va me'yorlarga javob bermagan.
Saylovni davlat axborot vositalari kuchli nazorat ostida, bir tomonlama yoritdi. G'arb jurnalistlarining mamlakatga kirishi va ma'lumot yig'ishi ham cheklandi. Kuzatuvchi sifatida esa asosan O'zbekistonga hayrihohligi bilan tanilgan davlat vakillari yoki arboblar qatnashdi xolos.
Bugungi marosimda Islom Karimov o'tgan oydagi "saylov demokratik o'tdi" deb ta'kidlagan.
Muxolifatdagi “Ozod Dehqonlar” partiyasi raisasi Nigora Hidoyatova fikricha esa qasamyod marosimi katta tantana bilan o`tishi rejalashtirilgan-u, ammo saylovdan keyingi munosabat, ayniqsa G`arb davlatlari tomonidan prezident saylovi olqishlanmagani rejani o’zgartirgan.
“Yana bir qasamyod bilan biror o`zgarish bo`lishi mumkinligiga ishonmayman”, - deydi Hidoyatova.
Huquq himoyachisi Abdulla Tojiboy o`g`li Karimovni bosh qonunni buzib kelayotganlikda ayblaydi.
“O`zi buzgan konstitutsiyaga qo`lini qo`yib, qasamyod qildi. Biz buni “konstitutsiyani buzdim, qasamyodni ham xohlagan paytda buzaman” degan qasam sifatida baholaymiz. Qasamyodda xalq manfaati uchun aytilgan gaplarni birortasi amalga oshishiga ko`zimiz etmaydi. Birinchi navbatda inson huquqlarini ta`minlayman deya kafolatlayotgani. Dunyo uning prezidentligi va saylov davrida huquq himoyachilariga nisbatan qanday munosabatda bo`lganiga guvoh. Men Yusuf Juma oilasini to`g’ridan-to`g’ri terrorga uchraganini aytmoqchiman”, - deydi Abdulla Tojiboy o`g’li.
Islom Karimov O`zbekistonni 1989 yildan beri boshqarib keladi. O`zbekiston Konstitusiyasiga ko`ra bir kishi ikki muddatdan ortiq prezidentlikka saylanishi mumkin emas.