AQShda o'qish va ishlash imkoniyatlari: muxlislar savoliga javob

Sharofiddin Ibrohimov ismli tinglovchimiz shunday maktub yo’llagan:

"Toshkent Davlat sharqshunoslik institutining magistratura bo'limida tahsil olaman. Arab-fors tillari bo'yicha bakalavrlik darajasiga egaman. Ingliz tilini bilmayman. Lekin ta'lim olishga ishtiyoqim ancha baland, arab tili grammatikasini yaxshi o'rganganman. Astoydil kirishsam, 5-6 oy ichida ingliz tilini o’zlashtirishimga ko'zim etadi. O’z mutaxassisligim bo'yicha Amerikada ishlasam bo'ladimi?”

Qo’shma Shtatlarda ishlash uchun ingliz tilini bilish shart, albatta. Ayniqsa, o’qituvchi bo’lib ishlashni xohlagan mutaxassis uchun – bu asosiy talab.

Tilni o’rgangach, masalan, Fulbright ning Xorij Tillari bo’yicha O’qituvchilik Dasturiga hujjat topshirish mumkin.

Dastur doirasida joriy o’quv yilida 4 nafar o’zbekistonlik muallim AQShda saboq bermoqda. Qabul sanasi va shartlarini AQShning O’zbekistondagi elchixonasi saytidan olish mumkin.

Agar mustaqil ravishda ish topishni xohlasangiz, AQShdagi universitetlar bilan bevosita bog’lanishingiz kerak.

Deylik, internetdagi qidiruv tizimiga “US Schools” deb yozsak, AQShdagi univesitetlar ro’yxati chiqadi. Har bir universitetda “Human Resources”, ya’ni kadrlar bo’limi bor. Ana shu yerda ish o’rinlari haqida ma’lumot topasiz.

Darvoqe, muallimni ishga yollayotgan universitet ilmiy darajasi bor, tajribali mutaxassislarga xayrixoh bo’ladi.

Zamonaviy tillar uyushmasi (Modern Language Association) ijrochi direktori Rozmari Filning aytishicha, Amerikada chet tili o’qituvchilari yetishmayapti. Masalan, arab tili bo’yicha ilmiy ish yoqlagan mutaxassislar soni yiliga 20 kishidan ko’p emas.

Ba’zi shtatlar xorij davlatlari bilan almashinuv dasturlarini yo’lga qo’ygan. Masalan, Belgiya AQShning Luiziana, Viskonsin va Ogayo shtatlaridagi maktablarga 600 ta o’qituvchi jo’natgan.

Ba’zi davlatlarda muallimlar ko’p, deydi mutaxassislar. Ularni ishsiz qoldirgandan ko’ra Qo’shma Shtatlarga jo’natgan afzal.

Navbatdagi maktubga o’tsak. Mirpo’lat Hidoyatov ismli tinglovchimiz quyidagi savolga javob olishni istaydi:

“Men hozirda Buyuk Britaniyada ingliz tili kurslarida tahsil olyapman. Maqsadim Amerikada magistraturada o’qish. Buning uchun menda yetarli mablag' va sharoit hamda ko’z ostimga olgan universitetim bor. Savolim shuki, men Londonda turib, AQSh elchixonasiga talaba vizasi uchun o’z hujjatlarimni topshirsam bo’ladimi? Yoki O’zbekistonga borishim shartmi?”

Ushbu savol yuzasidan AQShning Britaniyadagi elchixonasiga murojaat qilishni maslahat beramiz. AQShdagi har bir universitetning xorijlik talabalar bilan ishlaydigan bo’limi mavjud. Ular viza olish tartibi, kimga murojaat qilish zarurligini batafsil ma’lumot beradi.