AQSh dollarining qadrsizlanishi muhojirlarga og'ir kelmoqda

AQSh dollarining qiymati so’nggi besh yil ichida 20 foizga tushib ketgan. Bu degani dollar avvalgidek qudratga ega emas.

Natijada AQShdagi immigrantlar vataniga ko’proq pul jo’natish uchun yanada ko’proq ishlashga majbur. Chetga chiqayotgan mablag’ qator rivojlanayotgan davlatlar iqtisodini tebratuvchi muhim omil.

Amerikada O'zbekistondan kelib ishlayotganlar bir necha mingni tashkil etadi. Ularning ba'zilari bugungi iqtisodiy vaziyatdan xavotirda ekanini aytadi biroq o'z muammosi bilan o'rtoqlashishni istamaydi.

Oddiy ish bilan mashg'ul muhojir soatiga nari borsa 10 dollar topadi. Asli afrikalik Erik Amaoako Nyu-Yorkda yu tashiydi. Vatani Ganada ayoli va to’rt farzandi bor. Har oy uyiga 200 dollar atrofida pul jo’natib turadi. Amerikada kun ko'rish ham oson emas, buning ustida vatandagi oilani tebratish undan-da qimmatga tushmoqda deydi muhojir.

"Dastlab ish boshlaganimda jo’natib turgam pulim oilamga yetardi",- deydi u. "Biroq AQSh dollarining quvvati tushib borar ekan, endi ko’proq yuborishga majburman", - deydi u.

"Ikki smenada ishlashga to’g’ri kelmoqda. Avval shanba, yakshanba dam olardim. Hozir esa ishdan boshim chiqmaydi. Shundagina oilamni tebrata olaman",- deydi u.

Amerikadagi millionlab boshqa muhojirlar ham shu kabi ahvolda. Hozirda dollarning quvvati boshqa yirik davlatlar pul birligidan ancha past. Ya’ni avvalgidan kamroq mahsulot xarid qilasiz.

Buning kambag’al davlatlarga ta’siri katta. Jahon Banki hisobiga ko’ra, o’tgan yili rivojlanayotgan davlatlarga chetdan 240 milliard dollarga yaqin pul tushgan. Ba’zi mamlakatlarda yalpi milliy mahsulotning deyarli yarmi chetdan keladi.

Jahon Banki iqtisodchisi Dilip Razaning aytishicha, AQShda ishlayotgan aksariyat muhojirlar oylik maosh ko’tarishni so’ramoqda.

"Ular “biz AQShga ishlash uchun kelganmiz. Vatanda oilamiz bor, boqish kerak. Oylikni ko’taring” deyishmoqda. Muhojirlar orasida norozilik kuchaytmoqda",- deydi mutaxassis.

Iqtisodchiga ko’ra bunday ahvol AQShga immigratiyani kamaytirishi mumkin.

"Bu tabiiy jarayon. Ko’pchilik bu davlat aynan pul topish uchun keladi. Muhojirlar endi valyutasi mustahkam davlatlarga borib ish qidira boshlaydi. Oilalarini boqa olish uchun",- deydi Rata.

AQShda ayni damda ishlayotgan millionlab muhojirlar esa qancha ter to’kmasin, topgan har bir dollari qadrsiz bo’lib bormoqda.