Turkiya oliy o’quv yurtlarida ayollarning ro’mol yoki hijob o’rashini taqiqlovchi qonunni bekor qilish uchun birinchi qadam qo’yildi. Parlamentda ikki bosqichli ovoz berish jarayonining birinchisi hokimiyat tepasidagi “Adolat va taraqqiyot partiyasi” g’alabasi bilan tugadi. Ayrimlar nazarida bunday islohot Turkiyada dunyoviy tuzum asoslariga putur yetkazmoqda.
Shanba kuni parlamentda yana bir ovoz berish uyushtiriladi. Unda ham yetarlicha ovoz olinsa, 28 yillik taqiq bekor qilinadi.
Bosh vazir o’rinbosari Jemil Chichek fikricha, demokratik jamiyatda barcha qonun oldida teng bo’lib, taqiqning olib tashlanishi adolatsizlikka va diskriminatsiyaga chek qo’yadi.
Hukumatga muxolif Xalq partiyasi ovoz berish natijasini tanqid ostiga olgan.
Partiyaning parlamentdagi a’zosi Nur Serterning aytishicha, o’quv yurtlarida hijob kiyishning salbiy ramziy ma’nosi bor.
"Eronda hijob hamisha siyosiy islomiy harakat ramzi, islomiy inqilob ramzi bo’lgan. Turkiya bundan ogoh bo’lishi kerak," deydi qonunchi ayol.
Aksariyat aholisi musulmon bo’lishiga qaramay Turkiyada dunyoviy tuzum hukmron. Biroq konstitutsiyadagi taqiqning bekor qilinishi, ayrimlar nazarida, tuzumga tahdid solmoqda. Biroq Bosh vazir Rejeb Toyyib Erdo’g’an buni inkor etmoqda.
Mamlakat bo’ylab konstitutsiyaga o’zgartirish kiritish harakatlariga qarshi namoyishlar o’tkazilmoqda. O’tgan shanba kuni poytaxt Anqarada 100 mingga yaqin odam namoyishga chiqqan. Biroq so’nggi ijtimoiy so’rov natijalari shuni ko’rsatadiki, aksariyat taqiqni bekor qilish tarafdori va har 10 ayolning olti nafari hijob kiyadi.