Dekabr oyida hibsga olingan shoir Yusuf Juma qamoq va tergov jarayoni yuzasidan rasmiy idoralarga shikoyat yozgan, lekin qog'oz uning advokati Ruhiddin Komilovdan tortib olingan.
Shoir bilan uchrashishga muvaffaq bo`lgan advokat Komilovning aytishicha, uning o`zi ham Buxoro viloyati tergov boshqarmasi xodimlari tomonidan ma`lum muddat hibsda ushlab turilgan.
“Yusuf Jumaga bo`layotgan noqununiy harakatlar, tazyiqlar haqidagi ariza bitgunicha ular tepamizda turishdi. Keyin men nega bunaqa qilayapsizlar deb so`radim. Chiqib ketayotganimda “yo`q, chiqmaysiz”, deyishdi. Haqqinglar yo`q desam ham ish hujjatlarimni olib qo`yishdi. Yarim soatlar ushlab turib keyin qo`yib yuborishdi. Prokuraturaga shikoyat qildim, chora ko`ramiz deyishgan”, - deydi advokat Ruhiddin Komilov.
Bundan avval Buxoroda diniy e`tiqod yuzasidan o`tayotgan sud jarayonida qatnashish uchun yo`lga chiqqan huquq himoyachisi Yelena Urlayeva vokzalda noma'lum ayollar tomonidan kaltaklab ketilgan edi.
Buxoroda diniy ekstremistik tashkilotga a`zolikda ayblanayotgan 14 nafar fuqaro ustidan sud ishi davom etmoqda.
Huquq himoyachilarining so’zlariga ko`ra, yopiq tarzda o`tayotgan sud jarayoni ayblanuvchilarning dalil-ko`rsatmalarini mutlaqo e`tiborga olmayapti.
So`nggi haftada ozodlikka chiqqan huquq himoyachilari orasida Saidjahon Zaynobiddinov ham bor. Zaynobiddinov bevosita Andijon voqealari yuzasidan ayblanib, qamalganlar orasida birinchi bo`lib ozodlikka chiqqan huquq himoyachisidir.
“Shtabga chaqirtirib, ozodlikka chiqasizmi-yo`qmi deb so`rashdi. Chiqaman dedim, blanklarga imzo chekib berdim. Keyin muassasa ofitserining o`zi uyimgacha kuzatib qo`ydi. Amnistiyaga ko`ra, mutlaqo ozod etildim, boshqa hech qanaqa nazorat bo`lishi kerak emas”, - deydi Zaynobiddinov.
Kuzatuvchilar fikricha, O`zbekiston hukumati shu yo’l orqali G`arb bilan aloqani tiklashga harakat qilmoqda.
Yaqinda O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi qamoqdagi siyosiy mahbuslarning barchasini ozod etilishini talab qilib O`zbekiston Bosh prokuraturasi oldida piket o`tkazdi.
Ozod etilayotgan siyosiy mahbuslardan qamoqda o`tirganlari ko`proq ekani aytiladi.
Huquq himoyachilari qamoqdagi siyosiy mahbuslar bilan bog`lanishga, ularga amnistiya qo`llanishi ehtimolini o`rganishga harakat qilgan, biroq bu harakatlar samarasiz tugagan.