O’tgan yil AQSh Hindistonga yadroviy hamkorlik taklif qilgan edi.
AQShning Hindistondagi elchisi Deyvid Mulford Manmohan Singx ma’muriyatini masalani oydinlashtirishga chaqirmoqda.
“Vaqt o’tib bormoqda, Hindiston AQSh bilan yadroviy materiallar borasida hamkorlik qilmoqchi bo’lsa, tezroq bir qarorga kelsin”, - deydi AQShning Hindistondagi elchisi Deyvid Mulford.
Uning aytishicha keyingi yil AQSh hukumatiga yangi ma’muriyat kelgach, Hindiston berilgan imkoniyatdan mahrum bo’lishi mumkin.
“Bu yilgi saylovlardan keyin Oq uy va Kongress o’zgaradi. 2010 yilga kelib esa Hindistonda ham hukumat o’zgarishi mumkin”, - deydi elchi Mulford.
Loyihaga ko’ra, Hindiston AQShdan atom yonilg’isi va zarur vositalar olishni boshlaydi. Rasmiy Dehli so’nggi o’ttiz yil mobaynida bu kabi hamkorlikdan mahrum qilingan edi. Atom qurollarini tarqatmaslik bitimiga imzo chekmagani uchun.
Agar Hindiston mavjud imkoniyatni yana bir bor qo’ldan boy bersa, kelajakda bitimga qarshi bo’lgan guruhlar AQSh Kongressiga chiqib, “mintaqada atom qurollari poygasi boshlanishi mumkin” degan havotir ostida uni rad etilishiga erishishi mumkin.
Biroq ayni damda Hindistonda ham bu kabi hamkorlikka qarshi tomonlar bor. AQSh bilan ishlashga qarshi so’lchi muxolif guruhlar bitim Hindistonning kelajakda mustaqil harakat qilib, atom sinovlari o’tkazishini cheklaydi demoqda.
“Bu mutlaqo yanglish fikr. Taklif AQSh rahbari tomonidan bildirilgan edi. Maqsad Hindiston iqtisodiy ravnaqiga hissa qo’shib, mintaqada qudratli davlatga aylanishiga ko’maklashish”,- deydi elchi.
Mulford tarang vaziyatni yumshatish uchun muxolifat bilan uchrashishga ham rozi. Biroq Hindiston parlamentida katta kuchga ega Kommunistik Partiya: “bitimga imzo qo’yilsa Singx ma’muriyatini ag’daramiz”, - deb ogohlantirmoqda.
Pakt kuchga kirishi va AQSh Kongressi bunga rozi bo’lishi uchun, Atom Energiyasi bo’yicha Xalqaro Agentlik va yadro mahsulotlari bilan ta’minlovchi 45 davlatdan rozilik olish kerak.
Hindiston hukumati muzokaralar davom etadi va mamlakat manfaati yo’lida bir qarorga kelinadi demoqda.