Germaniya Karimovni islohotlarni jadallashtirishga chaqirmoqda

Germaniya Iqtisodiyot va texnologiya vaziri Maykl Glos boshchiligidagi tadbirkorlar hay'ati O’zbekistonga tashrif buyurgan.

Yevropa Ittifoqi va O`zbekiston o`rtasida muloqot Germaniya vositachiligida tiklanmoqda.

Yevropa Ittifoqi tomonidan O`zbekistonga joriy etilgan sanksiyalarning yumshatilishida ham asosan Germaniya rol o’ynayotgani ta`kidlanadi.

Huquq himoyachilari fikricha Germaniya O`zbekistonda inson huquqlari bilan bog`liq vaziyatga e`tibor bermayapti.

Lekin bugungi uchrashuvda Germaniya Iqtisodiyot va Texnologiya vaziri Maykl Glos O'zbekistonni islohotlarni jadallashtirishga chaqirgan.

"O'zbekiston rahbariyatiga aql o'rgatmoqchi emasmiz, lekin uni keng miqyosli islohotlar qilishga undaymiz",- dedi Glos.

"Inson huquqlari o'ta dolzarb masala va muzokaralarda unga katta e'tibor berilmoqda",- deydi vazir.

"Bugun men bosh vazir bilan uchrashdim va unga Germaniya, qolaversa butun Yevropa xalqlari uchun qonun ustuvorligi va inson huquqlari muhofazasi naqadar muhim masalalar ekanini bildirdim",- deydi Maykl Glos.

Germaniyaning O`zbekistondagi elchisi Matis Mayerning aytishicha muzokaralarda nemis tadbirkorlari O’zbekistonda yuzlashayotgan muammolar haqida so’z ketgan.

Vazir Glos O'zbekistonda qog'ozbozlikning chuqur ildiz otgani iqtisodiy muammolar tug'dirmoqda deydi. Uning aytishicha korrupsiya muammosi hal etilmasa va chet el bizneslari va sarmoyasi huquqiy jihatdan kuchliroq himoya qilinmasa, mamlakatning xorij bilan, jumladan G'arb bilan savdo aloqalariga putur yetaveradi.

Siyosiy sharhlovchi Muqimjon Qirg`izboyev Germaniya- O`zbekiston munosabatlari o`zaro manfaatlar asosida qurilmoqda deydi.

“Germaniya bilan aloqalar juda muhum. O`zbekistonda fermerlik rivojlanayapti. Germaniya texnologiyasi, tajribasi, investitsiyasi, yengil sanoat rivojlanishi yuzasidan katta istiqbollar mavjud. Yevropa Parlamentidagi eng ko`p deputatlar - germaniyalik deputatlar. Eng ko`p sarmoya ham Germaniyaniki”, -deydi Qir`gizboyev.

O`zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakili Adham Shoyimardonov fikricha Germaniyani Yevropa Ittifoqida O`zbekiston bilan yaqinlashishga urinayotgan yagona davlat desa bo’ladi.

“O`zbekistonda Germaniyaning fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan bir nechta jamg’armasi faoliyat yuritadi. Bu jamg`armalar asosan hukumat bilan aloqalarni yaxshilash uchun ishlaydi. Mustaqil, nodavlat, tashkilotlar yoki muxolifat bilan munosabatdan imkon qadar chekinadi”, - deydi Shoyimardonov.

Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan sanksiyalarni kuchda qoldirgan taqdirdagina, deydi faollar, mamlakatda so`z erkinligi va inson huquqlari bobida biror ijobiy qadam tashlanishi mumkin.

Sharhlovchi Muqimjon Qirg`izboyev esa O`zbekistonda o`zgarishlar allaqachon boshlangan deydi.

"Masalan yaqinda banklardagi qo'yilmalar maxfiyligini ta'minlashga qaratilgan farmon va davlat strategiyasi fuqarolik jamiyati qurish ekanligi e'lon qilindi. O`zbekiston hukumati fuqarolik jamiyati qurish va bozor iqtisodiga o`tishini e`lon qilmaganda edi, muxolifatchilar to`g`ri gapirgan bo`lardi", - deydi Qirg`izboyev.

Tahlilchilar O’zbekistonda nemis bizneslari uchun alohida iqtisodiy muhit yaratilishiga ishonmaydi. O`zbekiston hukumatidan iqtisodni erkinlashtirishni kutish qiyin deydi ular.