Olimpiya o'yinlari oldidan uyg'ur huquqlari masalasi ko'tarilmoqda

Jahon Uyg’urlari Kongressi rahbari Robiya Qodir Avstraliyaga safar qilib, Xitoyning Shinjon viloyatidagi uyg’urlar ahvoliga e’tiborni qaratmoqda.

Xalqaro hamjamiyat Xitoydagi inson huquqlari ahvoli haqida bilishi kerak deydi Robiya xonim. Xitoy bu yili Olimpiya o’yinlariga mezbonlik qilmoqda.

Sal avval Gollivudning taniqli rejissyorlaridan biri Stiven Spilberg ham Olimpiya o’yinlarini o’tkazishda Xitoy hukumatiga maslahatchi bo’lishdan bosh tortgan edi.

Kino ustasi nazarida Xitoy Sudanning yaqin savdo hamkorlaridan biri ekan, Darfurdagi qonli mojaroni to’xtatishga hech qanday hissa qo’shmayapti.

Robiya Qodir Avstraliyaga safari chog’ida rasmiylar va parlament a’zolari bilan uchrashgan. Rasmiy Pekin musulmon uyg’urlarni bo’lginchilikda, qo’poruvchilik harakatlarida ayblaydi.

“Bugungi kunda Xitoyda hukumatni tanqid qilgan har bir kishi hibsga olinadi, ta’qibga uchraydi. Odamlar qo’rquvda yashaydi”, - deydi Robiya xonim.

Ayniqsa Xitoydan mustaqillik talab qilib kelayotgan uyg’urlar bosim ostida. Xitoy qamoqxonalarida uyg’ur faollari qiynoqqa solinadi, o’limga mahkum etiladi. Hozirda Robiya Qodir AQShda yashaydi, ammo oila a’zolari hamon Xitoyda.