Sanksiyalar xalqaro siyosatda effektiv choralarmi?

Sanksiyalar – iqtisodiy va moliyaviy jazo choralari – AQSh tashqi siyosatining ajralmas qismi. Xorijiy hukumatlar siyosatini o’zgartirish, AQSh shartlariga ko’ndirish quroli sifatida azaldan qo’llanib kelinadi.

Ammo tanqidchilar fikricha sanksiyalar ko’pincha oddiy xalqqa zarar. AQSh sanksiyalari so’nggi paytlarda tor doirada, muayyan guruhlarni va shaxslarni nishonga olmoqda.

O’tgan yilning sentyabrida Birma harbiy hukumati erkinlik talab qilib chiqqan namoyishchilarga qarshi kuch ishlatdi. AQSh Birmaga sanksiya qo’yganiga 10 yil bo’libdi-ki, mamlakatda ko’p narsa o’zgargani yo’q.

"Sanksiyalar ish berishiga ishonamiz",- deydi Oq uy matbuot kotibasi Dana Perino. Bu safar AQSh sanksiyalari Birma harbiy hukumatiga aloqador shaxslar va bizneslarni nishonga olmoqda.

Xalqaro hamjamiyat iqtisodiy sanksiyalardan bosim vositasi sifatida foydalanadi. Masalan Janubiy Afrikada irqiy ayirmachilikka nuqta qo’yishda ular qo’l kelgan. Ammo AQSning Kubaga 40 yil oldin qo’ygan sanksiyalari kutilgan samarani berdi deyish qiyin. Fidel Kastro yaqinda prezidentlik lavozimini ukasiga topshirdi.

Tanqidchilar nazarida iqtisodiy jazo choralari muayyan davlat rahbarlari emas balki oddiy odamlar hayotini qiyinlashtiradi. Tadqiqotchi Galen Karpenterning aytishicha, turli hisob-kitoblarga ko’ra 1990-yillarda Iroqqa nisbatan qo’llanilgan sanksiyalar bolalar o’limi sur’atini oshirgan. 100 mingdan 500 minggacha, deydi olim.

Sanksiyalarning oddiy aholiga ta’sirini kamaytirish uchun, hozirga kelib AQSh ularni tor doirada, u dushman deb bilgan shaxs, guruh va kompaniyalarga qarshi joriy etishga o’tgan.

Bunga Eron yaxshi misol bo’la oladi. 2005 yilda AQSh Tijorat vazirligi Eron yadro dasturiga aloqador deb ko’rilgan siyosatchilar va kompaniyalar ro’yxatini tuzdi.

Siyosatshunos Maykl Jeykobson fikricha keng-qamrovli va umumiy sanksiyalardan ko’ra aniq shaxslarning hisob raqamlarini muzlatish va ularning xorijga chiqishini cheklash ko’proq samara berishi mumkin.

"Eron hali ham uranni boyitishni davom ettiryapti, biroq sanksiyalar ish berganiga Shimoliy Koreya yaxshi misol",- deydi Jeykobson. O’tgan yili xorijiy bankda muzlatilgan 25 million dollar mablag’ Pxenyanga qaytarilgandan so’ng, mamlakat yadro dasturini tugatish bo’yicha muzokaralar davom etgan edi.

Gari Xufbauer Vashingtondagi Piterson institutida iqtisodchi. "Sanksiyalar qay shaklda bo’lishidan qat’iy nazar, eng muhimi aholining ijtimoiy nochor qatlamlariga ziyon yetmasligi kerak",- deydi olim.

"Sanksiyalar bu diplomatiya quroli. Siyosiy maqsadlarga erishishda",- deydi Hufbauer, "bunday moliyaviy jazo choralari 30 foiz hollarda ish beradi".

Sanksiyalar siyosiy mahbuslarni ozod etishdek mo’tadil talablar qo’yilganda samara berishi mumkin.