Xalqaro Qizil Xoch Qo’mitasi rasmiylari O`zbekiston hukumati bilan muloqot 3 yil davom etdi deydi.
“Biz O`zbekiston hukumati bilan qamoqxonalarni kirib ko`rish, vaziyatni o`rganish uchun hamkorlik qilishga kelishdik. Bu qamoqxonada saqlanayotgan har bir kishi bilan uchrashish, ular bilan guvohlarsiz suhbatlashish, shuningdek, hibsda ushlab turiladigan joylarga qarshiliksiz kirishni anglatadi”, - deydi qo`mitaning Toshkentdagi mintaqaviy bo`limi rahbari Iv Jovannoni.
Olti oylik sinov muddati davomida Qizil Xoch Qo`mitasi qamoqxonalardagi vaziyatni o`rganadi. Bu vaqtda qo`mita vakillari O`zbekistonda mahbuslarni saqlash sharoiti, ularga nisbatan munosabatni o`rganadi.
Qizil Xoch Qo`mitasining xulosalari oshkor etilmaydi, faqat tegishli hukumat idoralariga taqdim etiladi. Olti oylik sinov muddati tugagach nima bo’lishi aniq emas.
“6 oy sinov muddati berildi. Endi Yevropa Ittifoqining bunga reaksiyasi kutiladi. Gap shundaki, Qizil Xoch Qo`mitasi xulosalari e’lon qilinmaydi. Qiynoqlar bor-yo`qligi haqida faqat hukumat idoralariga hisobot beriladi”, - deydi huquq himoyachisi Surat Ikromov.
Inson huquqlari bo’yicha xalqaro tashkilot - Human Rights Watch O`zbekistonda ish boshlashi mumkin.
Surat Ikromovning aytishicha, masala 19 martda aniq bo’ladi.
“Tashkilot vakili Igor Vorontsov ro`yxatdan o`tish uchun hujjatlarni topshirgan. Bilishimcha, 19 martga qadar javob berilishi kerak. Fikrimcha, ro`yxatga oladi, chunki O`zbekiston Yevropa Ittifoqi oldida o`zini yaxshi tomonlarini ko`rsatish harakatida”, - deydi Ikromov.
Huquq himoyachilari fikriga ko`ra, inson huquqlari bilan bog`liq vaziyatda o`zgarishlar bor deyish qiyin.
Chunki hukumat bir tomondan mahalliy faollarni qamoqdan ozod qilyotgan bo`lsa, ikkinchi tomondan ularni qamoqqa olishda davom etmoqda.