AQSh - muhojirlar davlati. Mamlakat aholisining har o’n nafaridan biri chet elda tug’ilgan.
Vilen Chernyak asli ukrainalik. Sobiq fizik, hozirda nafaqada. Los Anjelesda yashaydi. Yahudiy Oilalar Xizmati kabi jamoa tashkilotlarida juda faol. Rus tilida erkin so’zlasha olgani uchun, endi kelgan muhojirlarga tarjimonlik qilib yordam berib turadi.
"Nafaqaga chiqqanimdan keyin jamiyat oldidagi burchimni ado etishni lozim topdim. Yangi kelgan muhojirlarga yordam berishni burchim deb bilaman."
Ko’p hollarda immigrantlar Amerikada o’ziga tanish tashkilotlarga ishlashni ma’qul ko’radi. Til bilgani, vatanida tajriba orttirgani uchun ham bu yaxshi imkoniyat. Jamoat tashkilotlari bunga yaqqol misol.
Karen Li Tayvanda asoslangan Tzu Chi buddist tashkilotida faoliyat ko’rsatadi. U singari ko’ngillilar muhtoj oilalarga ko’maklashadi.
"Kimgadir yordamimiz, nafimiz tegsa yaxshi emasmi? Hayotning mazmuni ham shu. Bu xayriya emas, ezgu ish. Uni esa doimiy tarzda qilib borish kerak. Qo’limizdan kelar ekan, demak, yordam berishimiz lozim. Insoniylik burchimiz axir", - deydi Karen.
Maria Betankort AQShga olti yil oldin Kolumbiyadan ko’chib kelgan. Uning dugonasi Roza Gonzales esa bundan 40 yil oldin Nikaraguadan kelgan. Har ikkisi Kaliforniyaning Pasadena shahrida joylashgan El Centro de Accion tashkilotiga a’zo.
Muhojir Amerika tarixi va bu mamlakatdagi qonun-qoidalar haqida o’rganish uchun maxsus darslar oladi. Fuqarolikka kirish maqsadida.
Tashkilot rahbari Rendi Xurado Ertil til bilgan faollarning muhojirlarga yordami beqiyos deydi.
"Madaniyatlar o’xshashligi Meksika, Markaziy Amerika, Janubiy Amerika va Karib orollaridan kelganlarga as qatadi. Hozirda tashkilotimiz kenganyib deyarli butun dunyodan kelgan muhojirlarga yordam berayapmiz. Armaniston, Fransiya, Italiya, Braziliya, Koreya va Xitoydan. Birlashgan Millatlar tashkiloti desa ham bo’ladi."
Ukrainalik muhojir Raisa Fayman 1989 yildan beri AQShda yashaydi. “Ilk kelganimda menga ko’p yordam berishgan. Hozir o’sha yaxshilikni qaytarayapman”,- deydi u.
"Men birovga yordam berishni burch deb bilgan jamiyatda katta bo’lmaganman. Bunday odat yo’q edi bizda. Bu yerga kelib shunday ishlarga qiziqib qoldim. Buning qadrini bildim", - deydi Fayman.
O’zga yurtga kelib, yangi hayot boshlayotgan insonlarga yordam qo’lini cho’zish sadoqatli va mehrli odamlarga xos odat deydi bu muhojirlar.