Xalqaro terrorizmga qarshi kurash, Afg’oniston bilan chegaralarni qo’riqlash, xavfsizlik kuchlarini tayyorgarlikdan o’tkazish, inson savdosi va narkotrafikka qarshi kurash, favqulodda holatlarda harakatlar uyg’unligi ta’minlash kabi ko’plab sohalarda Tojikiston AQSh bilan yaqin hamkorlikni yo’lga qo’ymoqda.
AQSh Davlat kotibining Markaziy va Janubiy Osiyo bo’yicha muovini Pamela Spratlen yaqinda Dushanbega qilgan safarida qator rasmiylar bilan uchrashib, ikki davlat o’rtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish yo’llarini muhokama qilgan.
Kuzatuvchilar fikriga ko’ra, Tojikistonning G’arb davlatlari va AQSh bilan yaqinlashuvi sezilarli darajada olg’a siljimoqda.
AQSh Davlat Departamenti joriy yil qish o’g’ir kelgan Tojikistonga 300 mingga yaqin kishiga mo’ljallangan sutkalik oziq-ovqat yetkazib bergan.
Dastlab yetkazilgan oziq-ovqat qiymati 2 million dollarni tashkil etgan. Hozirgacha AQSh hukumati Tojikiston uchun 3 million dollardan ziyod insonparvarlik yordami ajratgan.
Tojikiston va AQSh o’rtasida NATOning “Tinchlik uchun hamkorlik” dasturi rivojlanib bormoqda. Mahalliy siyosatshunoslar nazarida Markaziy Osiyo xavfsizligi, xalqaro terrorizm va ekstremizm hamda narkotrafikka qarshi kurashda AQSh va Tojikistonning manfaatlari mushtarak.
Ba’zilar Tojikiston hukumatining G’arb bilan ko’p qirrali munosabatlari Rossiya bilan aloqani sovuqlashtirishi mumkin degan fikrda.
Tojikistondagi ayrim ziyolilar bu fikrga qo’shilmaydi. Uning aytishicha, AQSh va Tojikiston aloqalari yanada taraqqiy etishi zarur.
“Biz Markaziy Osiyoda qadimiy birlikni qayta tiklashimiz va xalqaro koalisiya yordanida avvalo Afg’onistonda barqarorlikni o’rnatishimiz lozim,” - deydi nomini aytishni istamagan tojik ziyolisi.
Rossiyaning Novosibirsk Davlat Universiteti professori Vladinir Plastun fikriga ko’ra, AQSh uchun Markaziy Osiyo juda kerakli mintaqa.
Tojikiston alohida o’ringa ega deydi u. Plastun nazarida Tojikistondan Afg’oniston tomon qurilayotgan yo’l va ko’priklar shundan dalolat beradi.
Tojik ziyolilarining aytishicha, so’nggi yillarda Rossiya Tojikistonga bepisandlik bilan muomala qilgan va natijada rasmiy Dushanbe tashqi siyosatni boshqa yo’nalishda olib bora boshlagan.
“AQSh bilan hamkorlik rivojini qutlash kerak. Ayniqsa, mustaqilligimizni saqlab qolish va mute’likdan qutilish, chegaralar daxlsizligini saqlash borasida AQSh hukumati ko’rsatayotgan yordamdan ko’z yuma olmaymiz. Lekin Eron bilan ham aloqalarning rivojlanayotgani hukumatimizning ko’p qirrali tashqi siyosat olib borayotganidan dalolat beradi,” - deydi tojik ziyolilari.
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham NATO Bosh kotibining Markaziy Osiyo va Kavkaz bo’yicha maxsus vakili Robert Simmons bilan uchrashuvda “Birgalikda harbiy mashqlar o’tkazish, qidiruv-qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish, gumanitar aksiyalar, favqulodda holatlar oqibatini bartaraf etish va ilmiy-texnik loyihalar ijrosida katta tajribaga ega bo’lgan NATO bilan hamkorlikdan Tojikiston manfaatdordir” degan.