O'zbekiston bank tizimiga nega ishonch yo'q?

Xalqaro moliyaviy agentliklar fikricha, O`zbekiston bank tizimida rivojlanish uchun salohiyat bor.

Ammo davlatning kuchli nazorati, raqobat yo`qligi, banklar faoliyatining erkin emasligi bunga to’sqinlik qilmoqda.

Tadbirkorlarning aytishicha, O`zbekistonda banklar mijozlarga emas, mijozlar banklarga xizmat ko`rsatadi.

So`nggi paytda O`zbekistonda bank tizimini rivojlantirishga qaratilgan bir necha qarorlar qabul qilindi.

O`zbekiston prezidentining banklar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan oxirgi farmoni aholini banklarga nisbatan ishonchini mustahkamlash, qo`yilmalar maxfiyligini ta`minlashga qaratildi.

Mutaxasisislar fikriga ko`ra, bu islohotlardan qat`iy nazar bank tizimiga ishonch yo`q. Tadbirkorlar, fermerlar bankdagi mablag`laridan to`liq foydalanish huquqiga ega emas.

Avval tabrikorlik bilan shu`gullangan fuqarolardan biri butun dunyoda banklar mijozlar uchun xizmat ko`rsatadi, O`zbekistonda esa, aksincha, mijozlar bank xizmatida deydi.

“Bank tadbirkorga, xo`jalik yurituvchi subyektlarga xizmat qiladi deyishadi, lekin kezi kelganda, tadbirkorlar bankning xizmatkoriga aylanib qoladi, u yoqqa bor, bu yoqqa uchra”, - deydi sobiq tadbirkor.

Qaysi bank bo`lishidan qat`iy nazar, deydi sharhlovchilar, mijozlar bilan ishlash uslubi bir xil, banklar aholiga ortiqcha qulayliklar yaratishdan qo`rqadi.

Barcha bank operatsiyalari faqat Markaziy Bank ko`rsatmasi va tasdig`iga ko`ra amalga oshadi. Banklar o`rtasidagi raqobat yo`qligi shu sabablar bilan ham izohlanadi.

O`zbekistondagi yirik banklardan biri, Xalq Banki boshqaruvi raisi Muxamet Jumageldiyev O`zbekiston axborot agentligi bilan suhbatda O`zbekiston bank-moliya tizimi rivojlanmoqda, aholi ishonchi ortmoqda, mijozlarga qo`shimcha qulayliklar yartilgan, ular talabiga ko`ra istalgan paytda mablag` olish, qo`yish yo`lga qo`yilgan deb ta’kidlagan.

Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev O`zbekiston banklari ko`proq kassa apparati vazifasini o`taydi deb hisoblaydi.

“Buning asosiy sababi davlat tijorat banklari faoliyatiga aralashadi. Banklar kassa operatsiyalari bilan bo`gliq ishlar bilan shug’ullanadi, mas`uliyatli ishlar bilan shug’ullanishga ruxsat yo`q,” - deydi Yo`ldoshev.

Sobiq tadbirkorning aytishicha, agar O`zbekistonda erkin moliyaviy tizim va zamonaviy texnika bo`lsa, ishlab chiqrishni jadal rivojlantirish mumkin.

“Odamlarni o`ziga qo`yib bersa, ishchi orinlarini tezda yaratadi. Ishlab chiqarish uchun zarur bo`lgan xomashyo, energetik zaxiralar, ishchi kuchi, transport kommunikatsiyasi, bular hammasi O`zbekistonda bor. Uskunalar va mablag` bilan kelgan sarmoyadorlarning daromadi qanday bo`ladi deb qayg’urishlari mumkin. Xitoyda ishlab chiqarilgan mahsulotdan o`ziga tegishlisini tovar sifatida olib chiqib ketsin, vassalom”, - deydi tadbirkor.

Investorlar buyruqbozlik va nazorat ostidagi savdo muhitiga emas, erkin bozor iqtisodiyoti shakllangan muhitga intiladi.

O`zbekistonda qator xalqaro kompaniyalar inqirozga uchraga. Kiritilgan sarmoya kafolati banklar mustaqilligiga bog’liq ekani ta`kidlanadi.

Xorij kompaniyalari uchun konvertatsiya hozirgacha asosiy muammolardan biri bo`lib qolmoqda.

“Sarmoyadorlarni jalb qilish uchun konvertatsiya ochildi, shundan foydalangan korxonalar bankdagi mablag`ini konvertatsiya qilishga ulgurishdi. Lekin mamlakatda eksportga ketayotgan mahsulot juda kamligi uchun erkin valyuta yana taqchillashdi. Tepadan banklarga uni tekshir, buni tekshir deb tursa, kimga grant keldi, aniqla desa, qanday rivojlanish bo`ladi? Banklarning vazifasi Oqsaroyga axborot berish bo`lib qoldi”, - deydi Toshpo`lat Yo`ldoshev.

Keyingi paytda qator xalqaro moliyaviy tashkilotlar O`zbekiston iqtisodiyotida ijobiy siljish bo`layotganini qayd etmoqda.

Bu fikrlar haqiqiy vaziyatni emas, O`zbekiston moliya tizimida o`zgarishlar bo`lishiga umidni ifodalaydi deydi sharhlovchilar.