O’zbekiston rahbari Islom Karimov Qozog’istonga safar qilib, bu mamlakat rahbari bilan o'zaro hamkorlik va mintaqaviy masalalar haqida gaplashgan.
Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning aytishicha O'zbekiston bilan erkin savdosi zonasi tuzish rejalanmoqda.
Bundan tashqari Markaziy Osiyo ittifoqiga asos solish taklifi, don mahsulotlarining qimmatlashib borayotgani va suv zaxiralari bo'yicha kelishmovchiliklar ham ko'rib chiqilgan.
Nazarboyev Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqini tuzish tashabbusi bilan chiqqan. Qirg’iziston bu taklifni qo`llab- quvvatlagan.
Nazarboyev fikricha dunyo miqyosida energetik zaxiralar va oziq-ovqat mahsulotlari bilan bog`liq vaziyat chigallashar ekan, mintaqada birlikka ehtiyoj sezilmoqda.
1990-yillarda Markaziy Osiyo Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti tuzulgan edi, ammo u keyinchalik Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati tarkibiga kirdi.
Karimov Nazarboyev ko’tarib chiqqan g’oya O'zbekistonga to'g'ri kelmaydi deydi. Ostonada jurnalistlar savollariga javob berarkan, prezident "Markaziy Osiyo davlatlari orasida ittifoq tuzish uchun ularning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot darajasi va kuchi bir-biri bilan tenglasha o'lishi kerak. Ikkinchidan, mazkur davlatlar rahbarlarining siyosati va tanlagan yo'nalishlari bir-biriga mos bo'lishi lozim",- dedi.
Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev fikricha O`zbekiston bu tashabbusdan chetda qolib ketgan.
“Nazarboyev mintaqada suv resurslari, energetik resurslardan birgalikda foydalanish bo`yicha ham konsepsiya ishlab chiqqan. Bunga Qirg`iziston va Tojikiston qo`shilgan. O`zbekiston va Turkmaniston qolgan xolos. Turkmaniston ham deyarli rozi. O`zbekiston suvdan foydalanish bo`yicha hozirgacha na Qirg`iziston, na Tojikiston bilan muzokaralar qildi, hatto Qozog`iston bilan ham bu haqda gaplashgani yo`q”, - deydi Yo`ldoshev.
Siyosiy tahlilchi Farxod Tolipov O`zbekiston mintaqaviy integratsiyaga muhtoj birinchi davlat deydi.
“Chegaralar ochilsa, O`zbekiston bundan eng ko’p manfaatdor bo’ladi, chunki quruqlikda joylashgan. Mintaqa davlatlarining hammasi bilan tutashgan. Iqtisodiy rivojlanish, dunyo bozoriga chiqish osonlashadi”, - deydi Tolipov.
Nazarboyev-Karimov uchrashuvida don mahsulotlari qimmatlashayotgani ham qayd etilgan.
O’zbekiston Qozog`istondan katta miqdorda don import qiladi. Rasmiy Ostona sentabr oyiga qadar bu turdagi eksportni to’xtatgan. Bu O`zbekistonda un va non narxini ko’tarib yuborishi tayin.
Ikki davlat o'rtasidagi savdo aylanmasi bugun 1,4 milliard dollarni tashkil etmoqda. Qozog'iston nazarida tomonlar bundan-da kengroq hamkorlik qila oladi.