AQShda prezidentlikka nomzodlar siyosiy reklamalarga zo'r bermoqda

Amerika bu yilgi prezident saylovlariga nomzod tanlash bilan band. Respublikachilardan kim maydonga chiqishi aniq – 72 yoshli senator Jon Makkeyn.

Demokratlar, aniqrog’i senator Xillari Klinton va Barak Obama orasida poyga hamon davom etmoqda. AQShda nomzodlar shtatma-shtat o’tadigan partiyaviy saylovlar va kengashlar orqali saralanadi va tanlanadi.

Pensilvaniya shtatida demokratlar senator Xillari Klintonni prezidentlik uchun maq’ul nomzod deb topdi. Klinton Barak Obamadan 10 foiz ko’p ovoz oldi.

"Bilaman, ba’zilar meni poygadan chiqib ketadi deb o’ylagan edi. Lekin Amerika xalqi menga ishonadi. Oxirigacha kurashishimni biladi”,- deydi Klinton.

AQShga ayol prezident kerak deyayotganlar ko’p.

Lekin so’nggi g’alabaga qaramay Xillari Klinton umum poygada Barak Obamadan orqada. Obama partiyaviy saylovlarda undan ko’p ovoz olgan. Demokratik Partiyadan nomzod bo’lishiga ishonchi baland.

"Partiya ichida meni eng ko’p odam quvvatlayotgani ayon ekan, demak, prezidentlikka nomzod ham menman",- deydi Obama.

Demokratik Partiya rahbariyati hozircha betaraf, ammo iyun oyigacha kimdir poygadan chiqishi va nomzod aniqlanishi kerak degan fikrda. Ungacha yirik shtatlarda tanlov yakunlanadi.

Siyosiy reklamalar saylov kampaniyalarining ajralmas qismi. Nomzodlar ularda o’zini tajribali siyosatchi, xalq dardini biladigan, uning orasidan chiqqan vakil deb ko’rsatadi.

Prezidentlikka da’vogarlar amaldagi siyosatni qoralab, olamshumul o’zgarishlar qilishga, Amerika qudratini oshirishga va’da bermoqda.

Xillari Klinton, masalan, o’z reklamalarida "AQSh prezidentligiga eng loyiq odam menman",- deydi.

"Har narsaga tayyor turish kerak. Ayniqsa, hozir. Ikki urush, qimmatchilik…. Bu masalalarni faqat men yecha olaman…",- deydi Klinton.

Respublikachi Jon Makkeyn xalq ko’nglini ovlab, hatto hajviy ko’rsatuvlarda ham chiqmoqda.

"Xillari Klinton va Barak Obama bir-birining go’shtini yeyaversin. Ular orqada kim kutib turganini bilmaydi. Prezident bo’lish uchun avval meni yenga olishi kerak. Noyabr kelsin, adabini beraman",- deydi Makkeyn.

Prezident saylovlari shu yilning 4 noyabrida bo’lib o’tadi.