Amerikalik sportchilar fikricha Olimpiada siyosiy minbar emas

Xitoy Yozgi Olimpiya o’yinlariga tayyorlanar ekan, AQSh sportchilari Tibet bilan bog’liq namoyishlardan xavotirda ekanini bildirmoqda.

Ayrimlarini Xitoyda inson huquqlari ahvoli, ayrimlarini Sudanning Darfur mintaqasidagi genotsid va Xitoyning bu qirg’inlar ortida turgan hukumatni qo’llab -quvvatlayotgani, amerikalik yana boshqa sportchilarni esa uyg’urlarning Xitoydagi nochor ahvoli tashvishga solmoqda.

Boshqalar esa sport o’yinlari bilan siyosatni aralashtirmaslik kerak degan fikrda.

AQSh ayollar basketbol terma jamoasi murabbiysi Anna Donovanga ko’ra, Yozgi Olimpiya o’yinlarida qatnashish uchun jamoa avval saralash boshqichidan o’tishi lozim.

“1980 yil Moskvada o’tgan Olimpiadaga borishni juda xohlagan edim”, - deydi Donovan. Biroq AQSh Sovet qo’shinlarining Afg’onistonga kirganiga qarshi chiqib, prezident Jimmi Karter o’yinlarga bormaslikka qaror qilgan.

“O’sha davrda bu qaror ko’pchilik sportchilarda norozilik uyg’otgan. Bunga vatanparvarlikning aloqasi yo’q edi”.

1984 yilda Yozgi Olimpiya o’yinlari AQShning Los Anjeles shahrida o’tdi. Donovan oltin medalni qo’lga kiritdi. Biroq 1980 yilgi o’yinlar armon bo’lib qoldi. Siyosat va sport bo’lak narsalar deydi u.

“To’g’ri, Olimpiya o’yinlari muhim xalqaro voqea. Sport tinchlik elchisi. Siyosiy qarama-qarshilikni chetga qo’yib, sportchilarni musobaqalarda qatnasha olishi uchun barcha sharoitni yaratib berish lozim”, - deydi Anna Donovan.

AQSh Olimpiya qo’mitasi o’tkazgan matbuot anjumanida jurnalistlar Darfur va Tibet muammosiga nisbatan sportchilar munosabati bilan qiziqdi. Biroq sportchilar vaziyatni izohlashdan bosh tortdi, jumladan, futbol yulduzi Abbi Vambak ham.

“Barcha sportchilar huquq faoli bo’lishi yoki munosabat bildirishi shart emas-ku!”

AQSh Olimpiadada g’alaba qozonsa, bu eng ma’qul munosabat bo’ladi, deydi u.

“Sportchi shoxsupaning eng yuqori pog’onasiga ko’tarilib, bo’ynidagi oltin medali bilan mag’rurlanib turishi, boshqalarga bizdan o’rnak oling degani emasmi”?

Suzish bo’yicha olti karra jahon chempioni Maykl Felps mashg’ulotlar bilan shunchalik bandki, hatto siyosat ham uni chalg’ita olmaydi.

“Nima bo’lsa bo’ladi. Men uchun saralash musobaqalari va Olimpiada muhimroq”, - deydi Felps.

Biroq sportchilar orasida siyosiy faollar juda ko’p.

Masalan, “Darfur jamoasi” deya nomlangan tashkilotga AQShdan ham bir necha sportchi a’zo bo’lib, Olimpiya shoxsupasidan Darfurdagi etnik qirg’inlar, tibetliklar va uyg’urlarning inson huquqlari buzilayotganiga jahon e’tiborini qaratmoqchi.

Xalqaro yozuvchilar uyushmasi Xitoy hukumatiga arz bilan chiqmoqda

Uyushmaning uch mingga yaqin a’zosi, Xitoy hukumatidan qamoqda saqlanayotgan hamkasblarini ozod qilishni talab qilmoqda.

Uyushma maxsus arznoma tayyorlab, uni Xitoyning BMTdagi elchisiga topshirgan.

Arznomada Xitoy hukumatidan inson huquqlariga rioya qilish so’raladi. 2001 yilda Pekin Olimpiya o’yinlariga mezbonlik qilish huquqini qo’lga kiritganida, hukumat siyosiy erkinlikka yo’l berishga va’da qilgan edi.

“Biz nafaqat Xitoy hukumatiga balki o’z hukumatimizga ham murojaat qilmoqdamiz”, - deydi Larri Siems, Londonda asoslangan Xalqaro yozuvchilar uyushmasining Amerika bo’limi vakili.

“Olimpiya o’yinlari yaqinlashar ekan, hukumatlar Xitoy bilan muloqoti chog’ida unga va’dasini eslatib turishi lozim”, - deydi u.

PEN - Xalqaro yozuvchilar uyushmasi tahminicha 39 nafar yozuvchi Xitoy qamoqlarida nohaq saqlanmoqda. Inson huquqlari bo’yicha advokat Li Zyanxong ulardan 5 tasiga himoyachi.

Yozuvchilar Xitoy Kommunistik Partiyasiga qarshi bildirgan tanqidiy fikr va qarashlari uchun hibsga olingan. Odamlar erkin so’z uchun qamoqqa tashlangan jamiyatda inson huquqlari borasida gapirmasa ham bo’ladi, deydi advokat.

“Har bir yozuvchi erkin ijod qilish huquqiga ega. Biroq xitoylik qalamkashlar uchun bu orzudir. Ular siyosiy emas, oddiy ijod erkinligini talab qilmoqda xolos”, - deydi inson huquqlari himoyachisi.

Arznomada shuningdek, yozuvchilarga bosim o’tkazish, ularni zo’rlash yoki senzura qilishni to’xtatish, jurnalistlarga erkin ijod qilishga imkon berish, internetni nazorat qilmaslik ham so’ralgan.