Bush ma’muriyati Rossiyaning yangi prezidenti Dmitriy Medvedev bilan yaxshi aloqada bo’lishga umid qilmoqda. Qo’shma Shtatlar yangi rahbarni Gruziya ichki ishlariga aralashmaslikka chaqiryapti. Bugun sobiq prezident Vladimir Putinning bosh vazirlikka nomzodi parlament tomonidan tasdiqlangan.
AQSh Davlat xavfsizlik maslahatchisi Stiven Xedlining aytishicha, prezident Bush Dmitriy Medvedev bilan qator masalalarni muhokama qilmoqchi. Ayniqsa Rossiyaning bo’lginchi Abxaziya respublikasiga berayotgan yordamini.
"Bizning fikrimizcha, Rossiya tashqi siyosati Medvedev kelishi bilan o’zgarmaydi. Demak, ayrim masalalar bo’yicha qarashlarimiz o’xshash, boshqalari bo’yicha farqli bo’lishi mumkin. Gruziya borasida esa Rossiya siyosatini o’zgartirgani ma’qul," deydi Bush maslahatchisi.
Rossiya gruzin-abxaz chegara hududiga qo’shimcha kuchlar kiritib, Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan hamkorlikni kuchaytirishini aytgan. Oq Uy nazarida bu hol rasmiy Tbilisining bo’lginchi hududlar bilan aloqalarini aksincha yanada taranglashtirmoqda.
Bundan tashqari Bush Medvedev bilan Isroil-Falastin tinchlik muzokaralari, Eron va Shimoliy Koreya yadro dasturlari, Yevropada raketaga qarshi mudofaa tizimini o’rnatish rejasi haqida ham gaplashib olmoqchi. Ikki prezident ilk bor iyul oyida Yaponiyada bo’ladigan Katta Sakkizlik sammitida uchrashish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Rossiya sobiq prezidenti Vladimir Putin esa endilikda bosh vazir vazifasini bajaradi. Bugun Rossiya Dumasi uning nomzodini ko’pchilik ovoz bilan ma’qullagan.
Ovoz berish jarayonidan oldin Putin inflyatsiyani tushirish, aholi turmush tarzini yaxshilash yo’lida mehnat qilishini aytgan.
Putinning bosh vazir bo’lishiga asosan kommunistlar qarshi ovoz bergan.
Kommunistik partiya rahbari Gennadiy Zyuganov Putin Rossiyani birlashtira olganini tan olish bilan birga uning prezidentligi davrida Rossiya aholisi 135 millionga tushganini, 800 mingga yaqin professional xizmatchilar chetga chiqib ketganini ta’kidladi.