O'zbekistonning qo'shni davlatlar bilan aloqalari yanada chigallashgan

Ham mahalliy, ham xorijlik tahlilchilar fikricha O`zbekiston va qo’shni davlatlar o`rtasidagi munosabatlarni iliq deb bo’lmaydi va ayni damda Islom Karimov rahbariyati faqat Turkmaniston bilan yaqin xolos. Qirg`iziston, Tojikiston va Qozog`iston boshqa yo’nalishda ketmoqda.

O’zbekiston hukumati o’z siyosiy pozitsiyalarini chet el axborot vositalariga tushuntirishni ma’qul deb topmaydi. Mutasaddilar intervyu berishdan bosh tortadi. Natijada, deydi sharhlovchilar, tashqi dunyo vaziyatni shu holda tahlil qilishga majbur.

Qirg`iziston va Tojikiston rasmiy Toshkentni “energetik bosim” o’tkazayotganlikda ayblab keladi. O’zbekistonning Qozog`iston bilan aloqalari esa siyosiy ambitsiyalar hisobiga bir qadar sovuqlashgani ta`kidlnadi.

Ayniqsa, O`zbekiston prezidenti Qozog’iston prezidentining Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqini tuzish tashabbusini tanqid ostiga olishi Toshkent- Ostona rishtalarini bir qadar sovuqlashtirgani kuzatiladi.

Islom Karimov bilan uchrashuvidan so’ng Ostonada Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonni qabul qilgan Nursulton Nazarboyev Tojikiston va O`zbekiston o’rtasidagi bahsli masala - Rongun elektrostansiyasining qurilishida ko’mak va’da qilgan.

Nazarboyev Qozog’iston bu loyihada investor sifatida qatnashish va elektroenergiya importidan manfaatdor ekanini bildirgan. Rasmiy Toshkent esa Amudaryo o`zanida bunday stansiyalar qurilishiga qarshi.

“Buning asosiy ishorasi shuku, Qozo`giston, Qir`giziston, Tojikiston hamkorlikda umumiy siyosat ishlab, bir yo`nalishda ketishga harakat qilmoqda. Nazarboyev mintaqada ittifoq tuzish g`oyasini amalga oshirish uchun asta sekin qadam qo`ymoqda. O`zbekiston bu ittifoqqa qo`shilmadi. Qozog’istonning ochiq konfrantatsiyaga borishi o`z pozitsiyasining kuchli ekanidan dalolat. Balki bu qadamlar O`zbekistonni ittofoqqa qo`shish uchun ham bo`layotgandir… ”,- deydi muxolifatdagi “Birlik” partiyasi raisi Po`lat Oxun.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov firkicha esa Qozog`iston mintaqada va Afg`onistonda o`z sarmoyalari bilan faol qatnasha boshlagan. Qozog`iston va Tojikiston o`rtasidagi kelishuvlarni O`zbekistonga bosim sifatida tushunish noo`rin.

“Bunday fikrdan yiroqman. O`zbekiston qoshilmagani uchun bosim o`tkazish niyati bo`lmasa kerak. Bo`lgan taqdirda ham natija bermaydi. Ayniqsa, suv masalasiga kelganda. Bu mutlaqo ikki tomonlama masala emas. Bu mintaqa davlatlarining barchasi ishtirokida hal etilishi lozim bo’lgan muammo. Markaziy Osiyo ittifoqi prezidentlarga taqalib qolgan g`oya emas. Bu harakat sekinlashishi mumkin, lekin yo`qolmaydi. Unga nuqta qo`yilmaydi. Chunki bu tarix taqozosi”, - deydi Tolipov.

O’zbekistonda ayni paytda kuzatilyotgan suvsizlik sababi, deydi ba’zi jamoatchi faollar, rasmiy Toshkentning qo’shni davlatlar bilan “aloqasi yomon ekanida”.

“Qaysi davraga borsangiz, O`zbekiston hukumati gazni qimmatga sotgani uchun qo`shnilar o`zimiz suv ombori quramiz deb, suvni o`tkazmayotgan emish degan gaplar bor”,- deydi kuzatuvchi Isroil Rizayev. “Qandaydir shaxsiy ambitsiyalar tufayli rahbarlarning kelishmasligi va suv masalasini hal etilmasligi oddiy xalq zimmasiga og’ir tushayapti. Televizorda prezidentni bayonotini eshitib hayratda qoldik: biz bitta xalq, azaldan quda-andachilik, bordi-keldi, savdo-sotiq bo`lib kelgan degan gaplar”.

Bu yil jahon bo’ylab oziq-ovqat taqchilligi kuzatilmoqda. Ayniqsa un mahsulotlariga talab oshgan. O`zbekiston dunyoda unni import qiluvchi, Qozog`iston esa eksport qiluvchi asosiy mamlakatlardan biri. Shuning o`ziyoq mintaqa davlatlarini iqtisodiy hamkorlikka undashi lozim.