Livandagi siyosiy inqirozga barham berildi

Livanda hukumat muxolifatning ayrim talablarini qondirishga ko’ngandan so’ng poytaxt Bayrut markazida Hizbulloh tomonidan o’rnatilgan norozilik namoyishi lageri yopilgan. Ayrim mutaxassislar nazarida bu bilan mamlakatda uzoq vaqtdan beri davom etayotgan siyosiy inqirozga barham berildi.

Muxolifat faollari va ularni qo’llab quvvatlagan odamlar palatkalarni yig’ishtirib deyarli bir yarim yil davom etgan siyosiy protestga yakun yasadi. Hukumat va muxolifat o’rtasidagi shartnoma kecha Qatarda imzolangan.

Livan hukumati Hizbulloh va unga aloqador guruhlarga 30 a’zolik Vazirlar Mahkamasidan 11 ta joy va hukumat qarorlariga veto qo’yish vakolatiga rozi bo’lgan.

AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays shartnomani inqirozga barham beruvchi ijobiy qadam deya atagan.

Uning o’rinbosari Deyvid Velshning aytishicha, siyosiy inqiroz Hizbullohning arab dunyosidagi obro’siga putur yetkazdi, ayniqsa guruh hukumatga qarshi chiqishlarida begunoh odamlarga, matbuotga va boshqa siyosiy partiyalarga qarata kuch ishlatganidan so’ng.

Mintaqadagi siyosiy jarayonlar haqida gapirar ekan, AQSh rasmiysi Isroil va Suriya o’rtasidagi muloqotning rasmiy Vashington tomonidan ijobiy baholanayotganini aytgan. Muloqot Turkiya vositachiligida o’tmoqda.

"Qo’shma Shtatlar Suriya tashqi va ichki siyosatiga qo’shilmasada, Isroilning bu mamlakat bilan muloqotiga qarshi chiqmaydi," deydi Velsh.