Amerika iqtisodiyoti oqsar ekan, aholi ancha sarosimaga tushib qolgan. To’lovlarini vaqtida bera olmay, uy-joyi va boshqa qimmatbaho mulklaridan ayrilayotganlar ko’p. Lekin bu qiyin davrlar ayrimlar uchun biznes imkoniyati.
Bugun ko’chmas mulk bozori avvalgidek chaqqon emas. Benzin va oziq-ovqat narxi osmonga chiqqan sharoitda, iste’molchilar pulini tejashga o’tgan. Ba’zilarning esa oshig’i olchi.
Ko’chmas mulk bilan shug’ullanuvchi advokatlar ishida jonlanish kuzatilmoqda. Sarmoyadorlar fond birjalarida fursatdan foydalanib bitimlar imzolashga kirishgan.
“Quzg’un fond va kompaniyalar narxi tushgan mulkni sotib olishga harakat qiladi”, - deya vaziyatni izohlaydi iqtisodchi Deyvid Vays.
Iqtisodiyot oqsaganda nafaqat advokat va sarmoyadorlarning omadi chopadi. AQShda mashinasiga to’lay olmayotgan haydovchilar uni qaytarishga majbur. Mark Kastelluchchio uchun bu ko’proq pul degani.
“Umuman olganda kemaga tushganning joni bir. Faqat men ishlayotgan sanoat boshqacha. Boshqalarning og’iridan menga foyda”.
O’gir paytlarda sudxo’rlik biznesi ham yaxshi daromad keltiradi. Oilaviy shifokor-maslahatchilar ham ish ko’payganini aytmoqda. Er-xotin o’rtasida nizo ko’pincha puldan chiqadi, deydi ruhshunos Roalind Dorelen.
“Afsus bilan tan olish kerak – sharoit og’irlashganda odamlar yordam so’rab kelishga majbur bo’ladi”.
Buni qarangki, AQShning ko’pgina do’konlarida atir-upa bozori ham chaqqonlashgan. Savdo 10 foizga oshgan. Julia Vayz ehtimoliy sababini tushuntiradi:
“Masalan, qimmatchilikda siz yoqtirgan tufli yoki libosdan voz kechish mumkin. Lekin pardoz-andozga yo’q deb bo’lmaydi”.
Kosmetika uchun biroz pul ajratib, qiyin bo’lganda ham o’zga zeb-oro berib kayfiyatni ko’tarishga nima yetsin deydi bu ayollar.