Amerika urush qahramonlari va qurbonlarini xotirlamoqda

Amerikada may oyining so'nggi dushanbasi - Xotira kuni.

Mamlakat ahli nafaqat Iroq va Afg’onistondagi urushlarda jon bergan minglab farzandlarini, balki AQSh tarixida vatan uchun o’z hayotini fido qilgan va chet eldagi turli urushlarda o’lgan insonlarni yodga olmoqda.

Poytaxt Vashingtonning biqinida joylashgan Arlington Umummamlakat Qabristonida 300 mingdan oshiq harbiy, davlat arboblari va vatan qahramonlari dafn etilgan.

Amerika bo’ylab urushga qarshi namoyishlar kuzatilar ekan, prezident Jorj Bush ushbu qabristonda nutq so’zlab, mamlakat tinchligi uchun kurashgan va kurashayotgan fuqarolarga minnatdorchilik bildirdi. Urushlarni qoralab chiqayotganlar nazarida esa qurbonlar uchun asosan Bush va uning ma'muriyati javobgardir.

Iroqda 2003 yildan, ya’ni urush boshlanganidan beri AQSh 4082 harbiysidan ayrildi. Urush shu kungacha, BMT hisobicha, yuz minglab iroqliklarning yostig’ini quritdi. Afg'onistonda esa 2002 yilning kuzidan beri 507 askar o'lgan. Tolibon va Al-Qoidaga qarshi harakatlar davom etarkan, o'n minglab afg'onlar nobud bo'ldi.

Amerika matbuoti Xotira kunida hukumatni bu urushlar ortidagi savollarga javob berishga, harbiy amaliyotlarni sarhisob qilishga va tegishli xulosalar chiqarishga chaqirmoqda.