Kamida 23 nafar tolib yo’q qilingan. Qandahor shahrining Afg’onbob tumanidagi janglarda ikki mahalliy ofitser halok bo’lgan.
1500 dan ziyod afg’on oilalari hududdan bosh olib ketgan. Afg’oniston Mudofaa vazirligi ta’kidiga ko’ra, yuzlab toliblar Qandahor shahrida o’rnashib olgan, biroq AQSh rasmiylari bu xabarni inkor etmoqda.
Amerika qo’shini Afg’onbob tumanidagi vaziyatni tinch va osoyishta deya baholamoqda.
Ular hech qanday qarshilik bilan yuzlashmagan.
Biroq boshqa manbalarga ko’ra, Qandahor shahri tevaragidagi qishloqlar tolibon qo’lida. O’tgan hafta jangarilar hududdagi qamoqxonaga hujum qilib, qariyb 1200 mahbusni ozod qilgan. Ulardan 400 nafaru toliblar. Mahalliy aholi so’zlariga ko’ra, jangarilar AQSh va NATO harbiylari bilan shiddatli olishuvga hozirlik ko’rmoqda.
Pentagon matbuot kotibi Jeff Morel “ayrim joylarda Tolibon faollashgani tabiiy, yoz oylarida bu odatiy hol” deydi.
”Toliblar Qandahorga ko’z tikkan taqdirda ham”, deydi Morel, “ularni mag’lubiyat kutmoqda. Janubdagi koalitsiya askarlari har qanday hujumni qaytarishga qodir”.
“Zarur bo’lsa, qo’shimcha harbiy jo’natishimiz ham mumkin”,- deydi u. Shu yil boshida Qo’shma Shtatlar Afg’oniston janubiga qo’shimcha 2200 askar jo’natgan.
Prezident Hamid Karzay Pokistonni terrorchilarga yetarlicha zarba bermayotganlikda ayblab, Tolibonni yo’q qilish uchun “o’z armiyamizni yo’llaymiz” degan edi. Biroq AQSh Karzayni shoshmay harakat qilishga undamoqda.
"Pokiston suveren davlat va bunday ish tutish yaxshilikka olib bormaydi”,-
deydi Jeff Morel. “Ayni damda Karzay hukumati ichki muammolarga e’tibor
qaratgani ma’qul”,- deydi AQSh so’zlovchisi.